Amir Temur – ikkinchi Renessans bunyodkori

Saqlash
00:46 / 30.09.2021 10245 0

Buyuk Sohibqiron Amir Temur bobomiz Oqsaroy peshtoqiga “Adolat – davlatning asosi va hukmdorlar shioridir”, degan hikmatli so‘zlarni yozdirgani bejiz emas, albatta. Ushbu ulug‘vor g‘oya inson qadr-qimmatini oliy darajaga ko‘tarish borasidagi amaliy harakatlarimiz poydevoriga aylandi.

Shavkat Mirziyoyev

Buyuk sarkarda, yirik davlat arbobi, ilm-fan va madaniyat homiysi Sohibqiron Amir Temur (1336–1405) va avlodlari qoldirgan boy merosning qadri va tarovati asrdan-asrga tobora oshib bormoqda, yangi davr va zamonlarga ham munosib xizmat qilmoqda. Ulug‘ ajdodimizning hayot yo‘li tarixchi olimlar, shoir va yozuvchilarning doimiy e’tiborida bo‘lib, minglab tadqiqotlar va yuzlab badiiy asarlarga mavzu va ilhom beradi. Olti yuz yil mobaynida Amir Temurga bag‘ishlab Yevropa tillarida 500 dan ziyod, Sharq tillarida esa 900 ga yaqin yirik tarixiy asarlar yozilgani ma’lum.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 202- yil 26-martdagi “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ 5040-son qaroriga asosan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi,  Qashqadaryo viloyati hokimligi, Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Turizm va sport vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zFA Tarix instituti, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Madaniyat vazirligi, Xalqaro Amir Temur xayriya fondi, Tenmuriylar tarixi davlat muzeyi, “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati Sohibqiron Amir Temur tavalludining 685 yilligiga bag‘ishlab 2021-yil 28–30 sentabr kunlari “Amir Temur – dunyo olimlari va adiblari nigohida” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazmoqda.

 

Minhojiddin Hojimatov,

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari:

– Istiqlol yillarida Amir Temur siymosi milliy davlatchiligimiz timsoliga aylanib, o‘zlikni anglash, an’ana va qadriyatlarimizni tiklash borasida xalqimizga ma’naviy kuch bag‘ishlab kelmoqda. Bu buyuk zot haqidagi asl haqiqat qayta tiklanib, tarixiy adolat qaror topdi. O‘zbekistonda Amir Temur fenomeni bilan bog‘liq 4 ta qonun, 16 ta Prezident farmoni, 5 ta qarori, 23 ta Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilingan. Davlat mukofotlaridan biri “Amir Temur” ordeni ta’sis etildi. “Temurbeklar maktablari” tashkil qilindi. Respublikamizdagi oliy ta’lim muassasalari, markaziy ko‘cha va xiyobonlarga Sohibqiron bobomizning nomi berildi. Toshkent, Samarqand, Shahrisabz shaharlarida muazzam haykallari bunyod etildi. Qutlug‘ to‘ylari dunyo miqyosida nishonlandi.

Bugun xalqimiz Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” bosh g‘oyasiga tayanib, Uchinchi Renessans poydevorini yaratish yo‘lida birlashgan ekan, Vatanimiz tarixidagi ikkinchi Uyg‘onish davri bunyodkori Amir Temur shaxsini va siyosatini har tomonlama o‘rganish yanada dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan Amir Temur tavalludining 685 yilligi munosabati bilan tashkil etilayotgan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman tadbirlari Toshkent (28-sentabr), Shahrisabz (29-sentabr) va Samarqand (30-sentabr) shaharlarida bo‘lib o‘tmoqda. Birinchi kun dasturidan Amir Temur haykali poyiga gul qo‘yish, Temuriylar tarixi davlat muzeyiga sayohat va “Temuriylar va Ikkinchi Renessans davri” kitoblar ko‘rgazmasi, “Yangi O‘zbekiston” bog‘i va Toshkent shahrining diqqatga sazovor joylariga sayohat o‘rin olgan.

Amir Teymur Akbar Rafei,

Tehron  universiteti qoshidagi Ilmiy tadqiqot instituti professori (Eron):

– So‘zimning avvalida ushbu ajoyib konferensiyaning barcha tashkilotchilariga minnatdorlik bildirmoqchiman. Taniqli olim va yozuvchilar ishtirokidagi xalqaro anjumanda ishtirok etayotganimdan mamnunman.

Temuriylar davrida Turonu Eronda ilm-fan, adabiyot va san’at sohalarida katta yutuqlarga erishilgan. Muhim xususiyati shundaki, taraqqiyot doirasi juda kengayib, butun imperiya bo‘ylab Samarqanddan Buxorogacha, Buxorodan Hirotu Balx, Mashhad, Yazd... va Sharqning boshqa shaharlarigacha bu madaniy ta’sir yaqqol sezilib turgan.

Temuriylar hukmronligida faqat markaziy hokimiyat emas, turli hududlardagi hokimlar ham o‘z g‘aznasi hisobidan olim va ijodkorlarga homiylik qilishni sharaf deb bilganki, shunday muhitda Renessans ro‘y bermasligi mumkin emas edi. Ayniqsa, temuriy malikalarning mamlakat ma’naviy ravnaqiga qo‘shgan beqiyos hissasini e’tirof etmoq zarur. Amir Temur juda ulkan mintaqada tinchlik o‘rnatgani, bir necha xalqlar hamjihat va xavfsiz yashay boshlagani bois savdo-sotiq, tadbirkorlik va ishlab chiqarish rivojlandi. Natijada faqat birlamchi ehtiyojlardan ortib, ilm-fan va madaniyatga homiylik qilish uchun yaxshigina mablag‘ to‘plandi va imperiya hududida beqiyos ma’naviy yuksalish sodir bo‘ldi. Shu kabi keng ko‘lamli sa’y-harakatlar orqali erishilgan taraqqiyot Amir Temur va vorislari nomini jahon tarixiga o‘chmas qilib muhrlagan.

29-sentabr kuni anjuman ishtirokchilari “Afrosiyob” poyezdida Shahrisabz shahriga yetib kelishdi. Ilmiy-amaliy tadbirning yalpi majlisi va “Amir Temur va temuriylar davri manbashunosligi va tarixshunosligi masalalari”, “Temuriylar davri davlat boshqaruvi va xalqaro munosabatlar”, “Temuriylar Renessansi: ilm-fan, madaniyat va bunyodkorlik”, “O‘zbek va jahon adabiyotida Amir Temur obrazi” deb nomlangan sho’ba yig‘ilishlarida AQSH, Fransiya, Germaniya, Rossiya, Turkiya, Misr, O‘mon, Eron, Pokiston, Ozarboyjon kabi 14 mamlakatdan 17 nafar nufuzli mehmon qatnashmoqda. Jumladan, Chikago universiteti professori Jon Vuuds (AQSH), Temuriylar tarixi va san’atini o‘rganish assosiatsiyasi prezidenti Fredrex Bressan (Fransiya), Ege universiteti qoshidagi Turk dunyosi tadqiqotlari instituti professori Ali Usmon Qoratoy (Turkiya), Qohira islom san’ati muzeyining ilmiy nashr bo‘limi mudiri Somiya Hasan Usmon Hasan (Misr), Tehron universiteti qoshidagi Ilmiy tadqiqot instituti professori Amir Teymur Akbar Rafei (Eron), Peshovar universitetining Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili ilmiy-tadqiqot markazi boshlig‘i Abdulla Beig (Pokiston), tarixchi olim va tarjimon Xelmut Dalov (Germaniya), Ozarboyjon Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Yunus O‘g‘uz kabi xorijlik hamda mahalliy olim va ijodkorlarning ma’ruzalari tinglandi.

 

Alexandros MAKARIGAKIS,

UNESCOning O‘zbekistondagi vakili:

– Avvalo qayd etish kerakki, Markaziy Osiyo Amir Temurning sharofati bilan gullab-yashnaganiga shak-shubha yo‘q. Buyuk sarkarda ko‘plab musulmon xalqlarini birlashtirib, azaliy orzular amalga oshishiga katta hissa qo‘shgan. Madaniy yuksalishga poydevor qo‘ygan.

Amir Temur o‘z atrofiga ilm-fan, adabiyot va san’atning yetuk namoyandalarini jamlay oldi. Bugun ham qo‘r to‘kib turgan tarixiy obidalarni qurdirarkan, ularga o‘zining ketma-ket g‘alabalari bilan bog‘liq nomlar berar, shu orqali saltanatining kuch-qudrati va mahobatini namoyon qilardi.

Shohizinda majmuasi, Bibixonim masjidi, Oqsaroy kabi yirik me’moriy yodgorliklar hanuzgacha o‘z bunyodkorining salohiyatidan guvohlik berib kelmoqda. Tarix Amir Temurni har qanday sharoitda ham xalqlarni birlashtirgan buyuk jahongir sifatida yodga oladi.

 

          Frederik Bopertyui-Bressan

Temuriylar tarixi va san’atini o‘rganish assosiatsiyasi prezidenti (Fransiya):

– Amir Temur oddiy askarlikdan buyuk sarkarda darajasiga ko‘tarilib, Hindistondan Yevropagacha, Arabistondan Sibirgacha bo‘lgan ulkan hududda kuchli davlat qurgan. Boshqa jahongirlardan farqli o‘laroq bunyodkorlik, ilm-fan, madaniyat rivojiga alohida e’tibor qaratgan. Olimlar, me’morlar, hunarmandlar, tabiblar, faylasuflar, shoiru mashshoqlarga g‘amxo‘rlik qilgan. Sohibqiron davridagi taraqqiyot Yevropadagi uyg‘onish jarayoniga ham ta’sir ko‘rsatgan.

Temuriylar san’atining o‘ziga xosligi shundaki, turli madaniy an’analar –turk, fors, Yaqin Sharq, hind va xitoy ijodiy uslublari ajib bir tarzda uyg‘unlashgan. Boshqa hech qayerda ushbu an’analar bunchalik samarali va betakror hamohanglikka erishmagan. Amir Temur madaniyatlarning o‘zaro muloqoti uchun infratuzilma yaratdi va avlodlarga meros qoldirdi. Avval Samarqand, keyin Hirotda ilm-fan, adabiyot va san’at beqiyos darajada rivojlandi. Temuriylarning yorqin merosini atroflicha o‘rganib, mazkur Uyg‘onish davri an’analarini davom ettirish O‘zbekistonda uchinchi Renessansga ham poydevor qo‘yishiga ishonaman.

Anjumanda ta’kidlanganidek, Sohibqiron haqida Sharofiddin Ali Yazdiy, Ibn Arabshoh, Rui Gonsales de Klavixo, Jan Pol Ru, Jastin Marossi, Kristofer Marlo, Rene Grusse, Marsel Brion, Mixail Ivanin, Ivan Bunin, Harold Lemb, Hilda Hukhem, Tilman Nagel, Mishel Doych, Jan Bake-Grammon kabi ko‘plab olimlar, yozuvchi va shoirlar, dramaturglar asarlar bitishgan. Har biri buyuk ajdodimizning insoniyat tarixida tutgan o‘rnini o‘z nuqtai nazaridan kelib chiqib talqin qilgan. Uyg‘onish davri madaniyatida Amir Temur jasur va mard inson, tengi yo‘q shaxs timsoliga aylanib, Gʻarbiy Yevropa adabiyoti ravnaqida alohida o‘rin egallagan.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi yaqinda “Amir Temur. Bibliografiya. Birinchi kitobi”ni tayyorladi. Ushbu bibliografik ko‘rsatkichda 2248 ta o‘zbek, 2085 ta rus, 655 ta ingliz, 221 ta fransuz, 29 ta arab, 76 ta fors-tojik, 296 ta turk tilidagi nashrlar qayd qilingan. Bundan ko‘rinadiki, Sohibqiron Amir Temurning insoniyat taraqqiyotiga ko‘rsatgan ta’siri, unutilmas xizmatlari ma’rifatli dunyo tomonidan munosib baholab kelinmoqda.

 

Muhammad ALI,

Xalqaro Amir Temur xayriya jamoat fondi raisi,

O‘zbekiston xalq yozuvchisi:

– Jahon ommaviy axborot vositalarida Amir Temur haqidagi ijobiy qarashlar ko‘payib borayotgani quvonarli. Chunonchi, Rossiyaning “Аргументы и факты” gazetasi tarixda birinchi marta bobomizning ismini to‘liq yozib, “Амир Темур: узнать и оценить” sarlavhali katta maqola e’lon qildi. Sohibqironning nomini “Temur” emas (hatto o‘zimizda ham shunday deguvchilar bor!), balki hurmat bilan to‘liq “Amir Temur” deb yozdilar. Yuu zot haqda gapirganda, albatta, “bilib, keyin baho berish kerak”ligini ta’kidladilar.

Yashirishning hojati yo‘q, xorijda chiqadigan turli kitoblarda, darslik va ensiklopediyalarda, ommaviy axborot vositalarida noto‘g‘ri ma’lumotlar ko‘plab chop etilmoqda. Bunday munosabatga ortiq yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini anglab yetishimiz kerak. Nazarimda, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Xalqaro Amir Temur xayriya jamoat fondi va Temuriylar tarixi davlat muzeyi maxsus shu masalaga bag‘ishlab xalqaro anjuman o‘tkazishi va Amir Temurga yangicha qarashlar zamiridan kelib chiqib, yagona nuqtai nazarni barqarorlashtirish, Sohibqiron ismi barcha ommaviy axborot vositalarida Tamerlan, Tamburleyn, Taymur... emas, aynan “Amir Temur” shaklida bir xil berilishiga, ilmiy muomalaga kiritilishiga erishish lozim.

Uchinchi kuni “Shahrisabz” muzey qo‘riqxonasi, temuriylar davri me’morchiligi namunalari – “Dorus-saodat” va “Dorut-tilovat” majmuasi, “Oqsaroy” madaniy meros yodgorligiga sayohat uyushtirildi. So‘ngra Samarqand shahridagi Amir Temur maqbarasini ziyorat qilib, Registon maydoni, Mirzo Ulug‘bek rasadxonasini tomosha qilishdi.

Anjumanga taqdim etilgan maqolalar mazmunidan ko‘rinib turibdiki, Amir Temur va temuriylar davrini tadqiq qilish natijasida erishilgan ilmiy yangiliklar va natijalar faqat mamlakatimiz emas, balki jahon miqyosida muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz. Vatanimiz tarixidagi Ikkinchi Renessansning ochilmagan qirralari, oydinlashmagan sahifalari ko‘pligi ayon bo‘lmoqda. Shu ma’noda ayni yo‘nalishdagi tadqiqotlarni yanada chuqurlashtirish va ko‘paytirish, ilmiy-amaliy anjumanlarni esa muntazam tashkil etib borish maqsadga muvofiqdir.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//