“O‘zbekiston Qahramonlari” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Saqlash
14:06 / 30.06.2022 1207 0

Samarqand shahrida “Yangi O‘zbekiston – inson qadri ulug‘langan yurt” shiori ostida bo‘lib o‘tayotgan madaniy-ma’rifiy tadbirlar doirasida “O‘zbekiston Qahramonlari” kitobining taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Tadbirni Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari, senator Minhojiddin Hojimatov ochib berdi.

 

 

Taqdimotda “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zolari, O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq artisti Munojat Yo‘lchiyeva, falsafa fanlari doktori, professor Jamila Shermuhammedova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, senat a’zosi Farmon Toshev, Yunus Rajabiy nomidagi maqom ansambli xonandalari Adolat Ismoilova, Rustam Mirmuhsinov, estradamizning yorqin yulduzlari Farhod va Shirin, Toshkent davlat Sharqshunoslik universiteti magistranti Ahadjon Jo‘rayev, shuningdek Samarqandlik O‘zbekiston Qahramonlarining oila a’zolari ishtirok etdi.

 

 

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tashabbusi bilan “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati hamkorligida chop etilgan mazkur kitob-albom millatimiz qahramonlariga ehtirom sifatida yaratildi. U Vatanimiz taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shib, “O‘zbekiston Qahramoni” yuksak unvoni hamda “Oltin Yulduz” medali bilan taqdirlangan bir yuz uch nafar yurtdoshimizning ibratli hayoti va faoliyati haqida hikoya qilinadi.

 

 

Kitobda hayotning turli sinovlariga qaramay, sabot bilan mehnat qilib, xalqimiz farovonligi yo‘lida xizmat qilgan davlat va jamoat arboblari, olimlar, ishchiyu xizmatchilar, ustozlar, dehqonu chorvadorlar, san’at va madaniyat xodimlari, xullas, barcha jabhalarda olib borilayotgan yuksak bunyodkorlik ishlarida doimo kamarbasta bo‘lgan zamondoshimizning umr yo‘llari aks etadi.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish