Eng yaxshi jurnalistik materiallar uchun 15 mln soʻmdan pul mukofoti beriladi

Saqlash
21:36 / 28.06.2022 793 0

Prezident “Ommaviy axborot vositalarini qoʻllab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorni imzoladi.

 

2022-yil 1-oktyabrdan boshlab bolalar uchun moʻljallangan tele- va radiomahsulotlarni ishlab chiqarish va efirga uzatish boʻyicha har yili eng yaxshi 30 ta loyiha uchun har biri bazaviy hisoblash miqdori 300 baravarigacha miqdorda boʻlgan tanlov eʼlon qilinadi. Bu boradagi xarajatlar Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga qoʻshimcha ajratiladigan davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadi.

 

Faol jurnalistlarni muntazam ragʻbatlantirish va ular oʻrtasida ijodiy sogʻlom raqobat muhitini rivojlantirish maqsadida har chorakda:

 

– ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilingan 100 tagacha eng yaxshi material uchun mualliflar (ijodiy guruh aʼzolari) quyidan yuqoriga oʻsib borish tartibida bazaviy hisoblash miqdori 50 baravarigacha miqdorda pul mukofoti bilan taqdirlanadi;

 

– amaliy va dolzarb ahamiyatga ega boʻlgan 100 tagacha eng yaxshi tahliliy materialni tayyorlash va ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilish uchun davlat grantlari va davlat ijtimoiy buyurtmalarini berish boʻyicha tanlov eʼlon qilinadi.

 

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi eng yaxshi materiallarni keng jamoatchilik va malakali mustaqil ekspertlar tomonidan ochiq va shaffof usulda elektron aniqlash tizimi – maxsus elektron platformani ishga tushiradi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//