Siyosat
Prezident Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning taklifiga binoan bugun, 24-iyun kuni, “BRIKS plyus” formatidagi Global rivojlanish masalalari boʻyicha yuqori darajali muloqotda ishtirok etadi.
Xitoy tomonining raisligida onlayn shaklda oʻtkaziladigan tadbirda BRIKS guruhi mamlakatlari – Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy, Janubiy Afrika Respublikasining davlat va hukumat rahbarlari, shuningdek, Argentina, Indoneziya, Jazoir, Malayziya, Misr, Eron, Qozogʻiston rahbarlari ham ishtirok etadi. Jami 18 ta mamlakat delegatsiyalari qatnashishi kutilmoqda.
Forum kun tartibidan 2030-yilga qadar Barqaror rivojlanish kun tartibini amalga oshirish borasidagi global sheriklikni mustahkamlash masalalari oʻrin olgan. Eng avvalo, yashil iqtisodiyot, yuqori texnologiyalar, innovatsiyalar, raqamlashtirish, transport va logistika, gumanitar almashinuv sohalarida amaliy hamkorlikni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Oʻzbekiston Prezidenti oʻz nutqida Barqaror rivojlanish maqsadlariga birgalikda erishishda keng xalqaro hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlarini koʻrsatib oʻtadi.
Taʼkidlash joizki, yangi “BRIKS plyus” formati BRIKS guruhiga aʼzo davlatlarning boshqa yetakchi rivojlanayotgan mamlakatlar bilan oʻzaro manfaatli va koʻp qirrali hamkorligini yoʻlga qoʻyish maqsadida tashkil etilgan.
Forum oʻzaro savdo va investitsiyalarni ilgari surish, ilgʻor texnologiyalar va bilimlarni transfer qilish, kooperatsiya aloqalarini va transport-kommunikatsiya bogʻliqligini rivojlantirish, xavfsizlik sohasida konstruktiv muloqotni mustahkamlashda katta oʻrin tutadi.
BRIKS mamlakatlarida 3 milliarddan ziyod aholi istiqomat qiladi, ularning hissasiga jahon yalpi ichki mahsulotining 25 foizga yaqini, global savdoning qariyb 20 foizi va toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarning 25 foizi toʻgʻri keladi.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q