“Onang tengiman-ku, bolam, mehnatimni qadrla” – Toshkentda noodatiy piket oʻtkazildi

Saqlash
23:21 / 24.06.2022 996 0

“Onang tengiman-ku, bolam, mehnatimni qadrla”, “Mashinadan axlat uloqtirma, bolam”, “Inson boʻl, insofli boʻl, toza yasha, orqangdan toza yer qoldir”… Toshkent shahrida obodonlashtirish xizmati xodimlari bilan aholini tozalikka chorlaydigan piket oʻtkazildi.

 

 

22-iyun kuni Toshkent shahri Bunyodkor stadioni atrofida obodonlashtirish xodimlari bilan “Maslahat, nasihat, iltimos” shiori ostida noodatiy piket oʻtkazilgan. Unda ishchilar odamlarni koʻchaga chiqindi tashlamaslikka targʻib qiladigan soʻzlar yozilgan bannerlar koʻtarib olishgan.

 

 

Gʻoya muallifi, ekobloger Moʻtabar Xushvaqtova piket va bunga aholining munosabati haqida gapirib berdi. 

 

  

“Yaqinda bir homiyga obodonlashtirish xodimlariga xayriya sifatida nok tarqatishda yordamlashdim. Shu orada oʻzim anchadan beri oʻylab yurgan piketni ham tashkillashtirdik. Obodonlashtirish xodimlariga berilgan bannerlar oldindan tayyor edi. Ishchilarga bu nima maqsadda qilinayotgani, bannerda nima deb yozilgani hammasi tushuntirilgan. Ular buni yaxshi qabul qilishdi, xursand boʻlishdi”, – degan u.

 

Moʻtabarning aytishicha, bu virusli xabar boʻlib, juda koʻpchilik ijtimoiy tarmoqdagi sahifalariga qoʻygan. Lekin biroz dilni xira qiladigan tomoni, rasmlarni tarqatayotganlar mualliflik huquqini saqlamasdan, oʻz kanallari, ijtimoiy sahifalari nomidan eʼlon qilib yuborishgan.

 

 

“Nima boʻlganda ham bu post odamlarni ekologiya, tozalikka eʼtiborga oʻrgatadi, deb oʻylayman”, – deydi ekobloger.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//