Yuriy Shatunovga chaqirilgan tez yordam kelmagani maʼlum qilindi

Saqlash
23:13 / 24.06.2022 872 0

Rossiyalik qoʻshiqchi Yuriy Shatunovga chaqirilgan tez yordam kelmagan, natijada 40 daqiqa vaqt yoʻqotilgan. Bu haqda Rossiyaning “Izvestiya” nashri xabar qildi. 

 

23-iyun kuni “Laskoviy may” guruhi yakkaxoni Yuriy Shatunov 48 yoshida vafot etdi, uning oʻlimiga oʻtkir yurak yetishmovchiligi sabab boʻldi.

 

Nashr manbasining fikricha, tez yordamga qoʻngʻiroq boʻlganidan keyin barcha harakatlar ish tartibiga muvofiq amalga oshirilganida Shatunovni 60 foizlik ehtimol bilan qutqarib qolish mumkin boʻlardi.

 

Shuningdek, manbaning maʼlum qilishicha, Shatunovning doʻstlari dispetcherga 22-iyun kuni 23:27 da qoʻngʻiroq qilgan va “odamning yuragi yomon boʻlayotgani”ni aytgan. Tez yordam mutaxassisi esa mashinalar yoʻqligini aytib, yordam yuborishni rad etgan.

 

Shatunovning doʻstlariga ayol kishi javob bergan. Axloqiy nuqtayi nazardan manba uning ismini oshkor qilmadi. Shu bilan birga, maʼlum boʻlishicha, qoʻngʻiroqlarga bunday munosabat ushbu podstansiyada avval ham kuzatilgan.

 

Taʼkidlanishicha, dispetcher vaziyatning jiddiyligini aniqlashtirish va zarur boʻlsa, eng yaqinda turgan brigadani yoʻnaltirishi, buning uchun esa qoʻshimcha savollar berishi kerak edi. Ammo u bunday qilmagan, oqibatda Shatunovning direktori va doʻstlari uni kasalxonaga oʻzlari olib borgan.

 

Avvalroq qoʻshiqchining oʻlimidan oldingi soʻnggi holati tasvirlangan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Videoda qoʻshiqchining doʻstlari uni yaqin oradagi kasalxonaga olib kelishgani aks etgan. Holdan toygan va oʻzi yura olmayotgan Shatunovni doʻstlari yelkasiga koʻtarib olgan. U yerdan Shatunov tez yordam mashinasida Domodedovo kasalxonasiga olib ketilayotganda vafot etgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//