Madaniy meros ob’ektlarini ta’mirlash ishlarida qonunbuzilishi bilan bog‘liq holatlar aniqlandi

Saqlash
03:08 / 23.06.2022 748 0

Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi va boshqa mas’ul idoralar hamkorligida olib borilgan o‘rganishlar natijasida joylardagi madaniy meros ob’ektlariga nisbatan sovuqqonlik bilan munosabatda bo‘lish hamda davlat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazish holatlari aniqlandi.

 

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi «Markazlashgan investitsiyalar hisobidan moliyalashtiriluvchi ob’ektlarni qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal va joriy ta’mirlash bo‘yicha buyurtmachi xizmati» Davlat muassasasi hamda «Antiqa va sifatli qurilish» xususiy korxonasi o‘rtasida 2020-2021 yillarda Bo‘stonliq tumanida joylashgan «Shayx Umar Vali Bog‘istoniy» ziyoratgohini ta’mirlash-tiklash ishlari bo‘yicha 1,7 mlrd. so‘mlik pudrat shartnomasi imzolangan,  lekin buyurtmachi xizmati Davlat muassasasi va XK mansabdor shaxslari ta’mirlash ishlari bo‘yicha tuzilgan hisob-fakturalarga soxta ma’lumotlar kiritib, haqiqatda bajarilmagan ishlarni qo‘shib yozish orqali 402,7 mln. so‘mlik byudjet mablag‘larini noqonuniy o‘zlashtirishgan.

 

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-(O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 209-(Mansab soxtakorligi) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

 

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 15 fevraldagi «Muqaddas qadamjolar, ziyoratgohlar, masjidlar va qabristonlarni obodonlashtirish ishlarini samarali tashkil etish to‘g‘risida»gi qaroriga asosan Toshkent viloyati Qibray tumanidagi «Qilichli ota» ziyoratgohida qayta ta’mirlash va tiklash ishlari bo‘yicha viloyat hokimligining «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi va “TOSHMELIOQURILISH” MCHJ o‘rtasida shartnoma tuzilib, 309 mln. 107 ming so‘m byudjet mablag‘i ajratilgan.

 

 

Biroq, «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi va “TOSHMELIOQURILISH” MCHJ mansabdor shaxslari o‘zaro til biriktirib, bajarilgan qurilish ishlari bo‘yicha tuzilgan hisob-fakturalarga soxta ma’lumotlar kiritib, haqiqatda bajarilmagan ish hajmlarini qo‘shib yozish orqali 263 mln. 286 ming so‘mlik byudjet mablag‘larini noqonuniy o‘zlashtirishgan.

 

Mazkur holat yuzasidan Toshkent viloyat hokimligining «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi va “TOSHMELIOQURILISH” MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167- (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228- (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

Yana bir holatda esa Qibray tumanidagi «Buzgan tepa» arxeologiya yodgorligining yon qismlarida maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari va boshqa binolar qurish bo‘yicha ishlar olib borilishi natijasida ushbu moddiy madaniy meros ob’ektiga 5 mlrd. 668 mln. so‘mlik zarar yetkazilgan.

 

Hozirda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 132-(Moddiy madaniy meros ob’ektlarini nobud qilish, buzish yoki ularga shikast yetkazish) va 205 – (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//