Prezident qoʻl jangini rivojlantirish boʻyicha qarorni imzoladi

Saqlash
02:47 / 22.06.2022 1678 0

Oʻzbekistonda 2023-yildan boshlab qoʻl jangi boʻyicha ikkita xalqaro turnir tashkil etiladi. Bu Shavkat Mirziyoyev 20-iyun kuni imzolagan “Qoʻl jangi sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorda aks etgan. Hujjat matni OʻzAda eʼlon qilindi.

 

Qayd etilishicha, Oʻzbekistonda 10 ming nafardan ortiq yoshlar va harbiy xizmatchilar (xodimlar) qoʻl jangi boʻyicha sport mashgʻulotlarida muntazam shugʻullanib kelmoqda. Mamlakatda ushbu sport turi boʻyicha 230 nafar Oʻzbekiston va 60 nafar Xalqaro toifadagi sport ustalari yetishib chiqdi. Qolaversa, qoʻl jangi MDH mamlakatlari orasida har yili oʻtkaziladigan “Armiya oʻyinlari” dasturiga kiritilgan.

 

Shu munosabat bilan, prezident qarorida qoʻl jangi sport turini rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari belgilab berildi.

 

Unga koʻra, ushbu sport turining asosiy yoʻnalishlari etib:

 

  • qoʻl jangi boʻyicha tizimli ravishda musobaqalar oʻtkazish hamda iqtidorli sportchilarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya);
  • qoʻl jangini yanada ommalashtirish, bu borada yoshlarni sport klublari, seksiyalari va toʻgaraklariga keng jalb etish hamda shu orqali sportchilarning jinoyatlarni sodir etish va jinoiy guruhlarga qoʻshilib ketishining oldini olish;
  • qoʻl jangi boʻyicha professional trenerlar, malakali hakamlar va mutaxassislarni tayyorlash tizimini rivojlantirish, oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar ishlab chiqish;
  • qoʻl jangi bilan shugʻullanish uchun zarur moddiy-texnik baza va infratuzilmani shakllantirish;
  • qoʻl jangini ham ustuvor sport turi sifatida Qurolli Kuchlar va huquqni muhofaza qilish organlarining jismoniy tayyorgarlik mashgʻulotlariga bosqichma-bosqich kiritish;
  • qoʻl jangini Qurolli Kuchlar xizmatchilari va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari hamda aholi oʻrtasida, shu jumladan, ommaviy axborot vositalari orqali keng targʻib qilish koʻrsatib oʻtildi.

 

Qarorga koʻra, Oʻzbekiston huquqni muhofaza qilish organlarining Qoʻl jangi federatsiyasi, Milliy gvardiya, DXX, Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Davlat bojxona qoʻmitasi hamda Sportni rivojlantirish vazirligi 2023-yildan boshlab anʼanaviy tarzda qoʻl jangi sport turi boʻyicha toʻrtta musobaqa tashkil etadi:

 

  • Toshkentda 14-yanvar — Vatan himoyachilari kuniga bagʻishlangan Qurolli Kuchlar chempionatini hamda oʻz xizmat vazifasini bajarish chogʻida qahramonlik va jasorat koʻrsatib, halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va xodimlar xotirasiga bagʻishlangan Xotira turniri;
  • har yili Namanganda professional sportchilar oʻrtasida “Prezident kubogi” xalqaro turniri;
  • har ikki yilda bir marotaba Qarshi, Samarqand va Buxoro shaharlarida yoshlar oʻrtasida “Amir Temur kubogi” xalqaro turniri.

 

Qayd etilishicha, xalqaro turnirlarda mahalliy sportchilar bilan birgalikda yuqori reytingga ega boʻlgan kuchli xalqaro sportchilar, trenerlar va hakamlar ham ishtirok etishadi.

 

Bundan tashqari, hujjatda Sportni rivojlantirish vazirligi hamda Oʻzbekiston huquqni muhofaza qilish organlarining Qoʻl jangi federatsiyasiga uch oy muddatda qoʻl jangi boʻyicha trenerlar, hakamlar va mutaxassislarni qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish rejasini ishlab chiqish yuklatildi.

 

Qarorda belgilanishicha, 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab umumiy oʻrta taʼlim maktablarida qoʻl jangi boʻyicha taniqli va faxriy sportchilar hamda trenerlar ishtirokida seminar, trening, mahorat saboqlarini tashkil etiladi.

 

Shuningdek, respublikadagi har bir hududning bitta tuman (shahar)ida qoʻl jangini ustuvor sport turi sifatida belgilash hamda uni rivojlantirish va ommalashtirish boʻyicha “yoʻl xaritalari”ni ishlab chiqish belgilandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//