Turkiya shirkatiga Oʻzbekistonga shaftoli koʻchatlarini olib kirish taqiqlandi

Saqlash
21:21 / 21.06.2022 933 0

2022-yil 15-iyundan boshlab Turkiya davlatining “PARLAR FIDAN Parlar fidan tarim urunleri gida tekstil sanayi ve ticarey limited sirketi” (Pitomnik) koʻchatxonalaridan Oʻzbekistonga ekish materiallarini olib kirishga vaqtinchalik taqiq oʻrnatildi. Bu haqda Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi maʼlum qildi.

 

Agentlikka koʻra, Markaziy fitosanitariya laboratoriyasi xulosasiga koʻra, mazkur shirkatga tegishli koʻchatxxonalardan olib kirilgan shaftoli (Dixired navi) koʻchatlarida “Olxoʻrining choʻtir kasalligi” (Plum pox virus) aniqlangan. Mazkur kasallikni Oʻzbekiston hududida tarqalish xavfini oldini olish maqsadida koʻchatlarga nisbatan vaqtinchalik import cheklovi oʻrnatilgan.

 

Qayd etilishicha, “Olxoʻrining choʻtir kasalligi” (Plum pox virus) Oʻzbekiston uchun karantin ahamiyatiga ega boʻlgan zararli organizmlar roʻyxatiga kiritilgan.

 

Agentlik, shuningdek, koʻchatlar hamda urugʻliklar importi bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlarni ogohlikka chaqirib, bu tardagi mahsulotlarni respublika hududiga olib kelish jarayonida Agentlikni oldindan xabardor qilish zarurligini taʼkidlamoqda.

 

“Import jarayonida belgilangan talablarga rioya etilmasa, mahsulotlar chegara nazorat punktlaridan ortga qaytarilishi yoki belgilangan tartibda yoʻq qilinishi mumkin”, – deyiladi xabarda.

 

Maʼlumot uchun, “Olxoʻrining choʻtir kasalligi” (Plum pox virus) asosan Evropa mamlakatlari, xususan, Avstriya, Angliya, Bolgariya, Vengriya, Germaniya, Gollandiya, Gretsiya, Moldova, Polsha, Rossiya, Ruminiya, Serbiya, Turkiya, Ukraina, Chexiya, Estoniya, Shvetsariya, Shvetsiya kabi mamlakatlarda tarqalgan. Ushbu kasallik olxoʻri, togʻolcha, oʻrik, shaftoli kabi mevalarni zararlaydi. Kasallik tufayli chidamsiz daraxtlarning 25-50 foiz, baʼzan 100 foiz hosili yoʻqotiladi. Zararlangan daraxtlar mevasining koʻpchiligi toʻkiladi, qolganlari mayda va taʼmsiz boʻlib qoladi. Kasallik belgilari daraxtlar virus bilan zararlangandan soʻng 9-11 oy oʻtganda namoyon boʻladi.

 

Shuningdek, kasallik bilan zararlangan mevalar vaqtidan oldin rangga kiradi, tarkibida qand moddasi kamayadi va sogʻlomlaridan 20-30 kun oldin toʻkiladi. Ularning bir qismi mumiyolashadi. Kuchli zararlangan chidamsiz navlarning hosili butunlay yoʻqotilishi mumkin.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//