Jamiyat
16-iyun kuni oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri Abduqodir Toshqulov OTMlarga kirishda beriladigan barcha imtiyozlar qayta koʻrib chiqilib, inventarizatsiyadan oʻtkazilishini maʼlum qilgandi. “Juda koʻp va xoʻp imtiyozlarimiz bor. Keyingi oʻquv yilidan shu imtiyozlarning vaqtini yashab boʻlganlaridan voz kechamiz”, — degandi vazir. Shundan kelib chiqib, “Gazeta.uz” taʼlim muassasalariga kirishda OTMlarga kirishda kimlarga qanday imtiyozlar taqdim etilgani borasidagi maʼlumotlarni bir materialga jamladi.
Prezidentning 1999-yil 10-iyundagi [PF-2326-son] farmoni bilan Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti taʼlim, fan, adabiyot, madaniyat, sanʼat, sport va jamoatchilik faoliyatida alohida yutuqlarga erishgan oʻn toʻrt yoshga toʻlgan va oʻttiz yoshdan oshmagan iqtidorli qizlarga beriladi.
Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti laureatlari boʻlgan oʻquvchilar OTMlarning bakalavriatiga, bakalavriat talabalari esa magistraturasiga tegishli yoʻnalish va ixtisoslik boʻyicha kirish sinovlarisiz davlat grantlari asosida qabul qilinadi.
Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, DXX va Milliy gvardiya rahbarlarining birgalikdagi [3215] qarori asosida 2020-yil 31-yanvarda harbiy xizmatchilarga tavsiyanoma berish tartibi tasdiqlangan.
Unga koʻra, tavsiyanomalar Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtab boʻlgan, jangovar va maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik boʻyicha yuksak natijalarga erishgan, zaruriy bilim saviyasiga ega, namunali harbiy intizomini namoyon etgan eng munosib harbiy xizmatchilarga beriladi.
Tavsiyanomaga ega abituriyentlar quyidagilarga ega boʻladi:
– respublikaning oliy harbiy taʼlim muassasalaridagi tegishli taʼlim yoʻnalishlariga oʻqishga kirishda test sinovlari natijalariga koʻra oʻzlari toʻplagan ballarining 50 foizi miqdorida qoʻshimcha ball shaklidagi imtiyozga;
respublikaning oliy taʼlim muassasalari (oliy harbiy taʼlim muassasalari bundan mustasno) bakalavriatiga oʻqishga kirish uchun OTMga qabul parametrlaridan tashqari ajratiladigan alohida qabul koʻrsatkichlari doirasida tanlovda ishtirok etish huquqiga.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 22-iyundagi [462-son] qarori bilan Qurolli Kuchlar harbiy xizmatchilarining farzandlariga ham taʼlim muassasalariga kirishda imtiyoz taqdim etilgan.
Unga koʻra, Qurolli Kuchlari harbiylari va uning tarkibiga kiruvchi vazirlik hamda idoralarning xodimlari farzandlarining kvota asosida respublika oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishi uchun tavsiyanomalar beriladi.
Tavsiyanoma quyidagilarga beriladi:
– Mamlakat mudofaa qudratini mustahkamlashga munosib hissa qoʻshgan, jangovar-xizmatda va ilmiy faoliyatda muayyan natijalarga erishgan Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibiga kiruvchi vazirliklar (idoralar)ning haqiqiy xizmatni oʻtayotgan ofitserlariga, serjantlar va oddiy askarlar tarkibiga mansub boʻlgan kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchilarga va Milliy gvardiya xodimlariga;
– harbiy xizmat majburiyatini bajarish chogʻida halok boʻlgan, yaralangan, kontuziya, shikastlanish yoki kasalliklar oqibatida nogironligi boʻlgan shaxs boʻlib qolgan Qurolli Kuchlari tarkibiga kiruvchi vazirliklar va idoralarning ofitserlari, serjantlar va oddiy askarlar tarkibiga mansub boʻlgan kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchilari va Milliy gvardiya xodimlarining farzandlariga beriladi.
Prezidentning 2017-yil 21-noyabrdagi [PQ-3402-son] qarori bilan Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashining “Mard oʻgʻlon” davlat mukofotini Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining 2 nafardan vakillariga har yili “Yoshlar kuni” arafasida topshirish haqidagi taklifi maʼqullansin.
“Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti oʻqishdagi muvaffaqiyatlari, ijtimoiy faolligi va isteʼdodi bilan tengdoshlariga oʻrnak boʻlib kelayotgan iqtidorli yigitlarga fan, taʼlim, tibbiyot, madaniyat, adabiyot, sanʼat, sport, ishlab chiqarish, harbiy xizmat sohalarida hamda huquqni muhofaza qilish organlaridagi faoliyatida erishgan alohida yutuqlari uchun beriladi.
“Mard oʻgʻlon” davlat mukofotiga talabgorlar Oʻzbekiston prezidenti huzuridagi Davlat mukofotlari va geraldika boʻyicha Komissiya tomonidan koʻrib chiqiladi. Uning natijalariga koʻra Komissiya tomonidan prezidentga takliflar kiritiladi. “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti bilan taqdirlash prezident qarori bilan amalga oshiriladi.
“Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti sohiblari boʻlgan oʻquvchilar OTMlarning bakalavriat bosqichiga, oliy oʻquv yurtlari talabalari yoki bakalavr darajasiga ega yoshlar esa magistratura bosqichiga tegishli yoʻnalish boʻyicha kirish imtihonlarisiz davlat grantlari asosida qabul qilinadi.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 6-maydagi [375-son] qarori bilan Ichki ishlar organlari xodimlari farzandlarining davlat oliy taʼlim muassasalari hamda Mudofaa vazirligi, IIV, Milliy gvardiyasi va Davlat bojxona qoʻmitasining oliy va oʻrta maxsus taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishi uchun tavsiyanoma (taqdimnoma) berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlangan.
Ushbu nizom ichki ishlar organlarining shahodatlangan xodimlari, terrorizm va jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda jamoat xavfsizligini taʼminlash chogʻida halok boʻlgan yoki olgan jarohati tufayli nogiron boʻlib qolgan xodimlarining farzandlariga (vasiylikka olingan farzandlar bundan mustasno) nisbatan tatbiq etiladi.
Davlat OTMlarning bakalavriatiga (ikkinchi taʼlimdan tashqari) oʻqishga kirishi uchun tavsiyanoma ichki ishlar vazirining oʻrinbosari — Kadrlar bosh boshqarmasi boshligʻining iltimosnomasiga asosan vazir tomonidan beriladi.
Bundan tashqari, huddi shu tartibda vazir tomonidan Mudofaa vazirligi, IIV, Milliy gvardiya va Davlat bojxona qoʻmitasining oliy (magistratura, ikkinchi va oliy taʼlimdan keyingi taʼlimdan tashqari) va oʻrta maxsus taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishi uchun taqdimnoma beriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-iyundagi [393-son] qarori bilan harbiy xizmatchilar orasidan yuqori natijalarga erishgan, har bir harbiy qismdan bittadan yosh harbiy xizmatchi harbiy qism qoʻmondonligi (rahbariyati) va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi boshlangʻich tashkiloti tavsiyanomasiga muvofiq oliy taʼlim muassasalariga tasdiqlangan davlat granti kvotalariga qoʻshimcha ravishda imtihonlarsiz qabul qilinadi.
Vazirlar Mahkamasi 2017-yilning 14-noyabrida [914-son] sonli qaror bilan Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining faol aʼzolariga oliy taʼlim muassasalariga kirishda imtiyozlar berish tartibini tasdiqlab bergan.
Hujjatga asosan tavsiyanomalar Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tizimidagi sardorlarga, boshlangʻich tashkilotlardagi yoʻnalish yetakchilariga, ikki yillik mehnat stajiga ega boʻlgan fidoyi yoshlarga beriladi. Tavsiyanomalar Qoraqalpogʻiston, viloyatlar va Toshkent shahrining bir nafardan (jami 14 nafar) yoshlariga taqdim etiladi.
Tavsiyanomalarga ega boʻlgan yoshlar Oʻzbekiston taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasi qaroriga asosan doimiy yashash joyidagi OTMlarning pedagogika taʼlim yoʻnalishlariga tanlovdan tashqari test sinovlarisiz va kasbiy (ijodiy) imtihonlarsiz davlat grantlari asosida qabul qilinadi.
Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 13-oktyabrdagi [226-son] qarori bilan xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlar, musobaqalar, nomdor stipendiyalar gʻoliblari boʻlgan bitiruvchilarga ham imtiyozlar berilgan.
Xalqaro va milliy miqyosdagi tanlov va musobaqalar, respublika olimpiadalarining gʻoliblariga berilgan guvohnomalar asosida test sinovisiz hamda qoʻshimcha imtihonsiz (oʻz yoʻnalishlari boʻyicha) OTMlarning taʼlim yoʻnalishlariga qabul qilinadi.
Prezident davlat stipendiyasi sohibi boʻlgan talabalar bakalavriatni tugatgandan soʻng 2 yil mobaynida, nomli davlat stipendiyalari sohibi boʻlgan talabalar bakalavriatni tugatganidan soʻng 1 yil mobaynida tegishli mutaxassislik boʻyicha magistraturaga kirish imtihonlarisiz qoʻshimcha davlat granti asosida oʻqishga qabul qilinadi.
Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 9-avgustdagi [169-son] qaroriga muvofiq, jami beshta nominatsiya — estrada, musiqa, mumtoz qoʻshiq, opera ijrochiligi va raqs sanʼati boʻyicha tanlovlar gʻoliblariga “Nihol” mukofoti beriladi. “Zulfiya” nomidagi davlat mukofoti sovrindorlari tanlovda ishtirok etmaydi.
“Nihol” mukofotiga sazovor boʻlgan yoshlar madaniyat, sanʼat yoʻnalishidagi oliy va oʻrta maxsus oʻquv yurtlariga imtiyozli ravishda qabul qilinadi (ansambl, jamoa sifatida ishtirok etganlar bundan mustasno), mamlakatning atoqli sanʼatkorlaridan saboq olish imkoniyatiga ega boʻladi.
Prezidentning 2020-yil 21-apreldagi [PQ-4688-son] qaroriga asosan badiiy akademiyaning tasviriy sanʼat boʻyicha respublika tanlovi gʻoliblariga oliy taʼlim muassasasiga oʻqishga kirish uchun imtiyoz beriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 7-iyundagi [468-son] qarori bilan “Yilning eng yaxshi tarbiyachisi” respublika tanlovi gʻoliblariga davlat oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga imtihonsiz kirishda imtiyoz beriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-iyundagi [393-son] qaroriga koʻra, tibbiyot muassasalari hamshiralarining “Hamshira” respublika tanlovi gʻoliblari oliy taʼlim muassasalariga, mos taʼlim yoʻnalishlariga tanlovdan tashqari kirish imtihonlari (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon, yozma imtihon)siz davlat grantlari asosida qabul qilinadi.
Prezidentning 2021-yil 9-avgustdagi [PQ-5216-son] qarori asosida oliy taʼlim muassasalariga abituriyentlarni qabul qilishning umumiy sonidan “Mehribonlik” uyi va Bolalar shaharchasining bitiruvchilari, SOS — bolalar mahallalari va oilaviy bolalar uylari bitiruvchilari, shuningdek, vasiylikka, homiylikka yoki oilaga tarbiyaga olingan (patronat) yetim bolalar (yigirma besh yoshga toʻlmagan) chin yetimlar uchun qoʻshimcha ravishda bir foizgacha davlat granti asosidagi qabul kvotalari ajratiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 7-iyundagi [468-son] qaroriga koʻra, ilgʻor xalqaro imtihon tizimlari (TOEFL, IELTS, CEFR, SAT General, SAT Subject va hokazo) sertifikatlariga ega boʻlgan abituriyentlarga oʻqishga kirishda mazkur fan doirasida testdan ozod etiladi va maksimal ball beriladi.
Vazirlar Mahkamasining 9-iyundagi [322-sonli] qaroriga muvofiq, kollej yoki texnikum diplomidagi mutaxassisligi boʻyicha 5 yil ish stajiga ega xotin-qizlar kontrakt asosida OTMga qabul qilinadi. Bunda tavsiyanomaga ega abituriyentlar orasida alohida test oʻtkaziladi, ular orasidan yuqori ball toʻplagan 500 nafarigina OTMga kira oladi.
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 23-iyundagi [402-son] qarori bilan Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi tavsiyanomasiga ega ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar uchun OTMga kirishda qoʻshimcha 4 foizli grant ajratiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4-noyabrdagi [675-son] qarori bilan kamida 5 yil ish stajiga ega fuqarolarga suhbat natijalariga koʻra tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga kirishi uchun tavsiyanoma beriladi.
Prezidentning 2021-yil 30-noyabrdagi [PQ-23-son] qaroriga muvofiq, 2022/2023 oʻquv yilidan ichki ishlar organlarida 3 yildan ortiq ish stajiga ega boʻlgan, kasbiga fidoyi, tashabbuskor profilaktika (katta) inspektorlari quyidagi OTMga kirish imtihonlarisiz sirtqi taʼlim shakliga oʻqishga qabul qilinadi:
– Jamoat xavfsizligi universitetiga;
– Toshkent davlat yuridik universitetiga;
– yurisprudensiya sohasida bakalavriat taʼlim yoʻnalishi mavjud boʻlgan boshqa davlat OTMga (Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi hamda Davlat bojxona qoʻmitasining Bojxona instituti bundan mustasno).
Bunda profilaktika (katta) inspektorlariga oʻqishga tavsiyanomalar berish uchun komissiya tashkil etilib, nomzodlar test imtihonlaridan oʻtkaziladi.
Tavsiyanomalar OTM oʻrtasida teng taqsimlanadi.
Oʻqishga qabul qilish toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi hamda kontrakt mablagʻlari respublika byudjeti mablagʻlari hisobidan toʻlab beriladi.
Mudofaa vazirligi huzurida “Vatan tayanchi” bolalar va oʻsmirlar harbiy-vatanparvarlik harakati, maktablarda esa uning otryadlari tashkil etiladi. Unga ihtiyoriy ravishda aʼzo boʻlgan 10−11-sinf oʻquvchilari orasidan bir nafariga OTMga oʻqishga kirish uchun imtiyozli tavsiyanoma beriladi. Bunda uning harakat faoliyatidagi ishtiroki va maktabdagi baholari inobatga olinadi.
Jamiyat
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
2 Izohlar
Zilola
12:01 / 01.01.1970
Otasi yoki onasi guruh nogironi bo'lsa imtiyozlar beriladi deb aytishgandi to'g'rimi
Sevinch
12:01 / 01.01.1970
Har bir kvota alohida-alohidami va ularning bir biriga aloqasi yo'qmi?