Oʻzbekistonlik kinorejissyor “documenta” xalqaro koʻrgazmasida chilton fenomeniga bagʻishlangan asarlari bilan ishtirok etadi

Saqlash
03:48 / 18.06.2022 949 0

Germaniyaning Kassel shahrida 2022-yilning 18-iyundan 25-sentyabrgacha davom etuvchi “documenta” XIV xalqaro sanʼat koʻrgazmasida oʻzbekistonlik videorassom va kinorejissyor Saodat Ismoilova ham ishtirok etadi. Unda ijodkor Markaziy Osiyo mifologiyasidagi chilton fenomeniga bagʻishlangan bir nechta videoasarlarini taqdim etadi. Jumladan, uning koʻrgazma uchun yaratilgan yangi filmi – “Bibi Seshanbe» namoyish etiladi.

 

Shuningdek, Saodat Ismoilova boshchiligida tuzilgan Markaziy osiyolik 19 nafar yosh ijodkordan iborat “Davra” jamoasi Kasselda 41 kunlik ommaviy dastur va maxsus tayyorlangan “Chiltonlar” nomli kitob taqdimotini oʻtkazadi. Jamoa aʼzolaridan biri shoira Tillaniso Nuryogʻduning oyina.uzga maʼlum qilishicha, jamoa ishtirokida boʻladigan ushbu tadbirlarda mehmonlarga kino namoyishlari, muhokamalar orqali chiltonlar haqida tushunchalar beriladi. Raqslar, mahorat darslari, performonslar, musiqiy chiqishlar va bolalar dasturlari ham namoyishlardan oʻrin olgan.

 

Maʼlumot oʻrnida, Saodat Ismoilova 1981-yil Toshkent shahrida tugʻilgan. Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti va Fransiyadagi Le Fresnoy milliy zamonaviy sanʼat studiyasini tamomlagan. Uning filmlari va video installyatsiyalari Venetsiya Biyennaliyasi, Berlinale, Rotterdamdagi Xalqaro kinofestival va boshqalarda namoyish etilgan. Shuningdek, uning asarlari Parijdagi Pompidu markazi va Amsterdamdagi Stedeliyk muzeyi kolleksiyalarida saqlanadi.

 

Eslatib oʻtamiz, “documenta” xalqaro koʻrgazmasi 1955-yildan beri Germaniyaning Kassel shahrida har besh yilda bir marta oʻtkaziladi va 100 kun davom etadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//