Jamiyat
Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16-iyun kuni “Aholiga tez tibbiy yordam koʻrsatish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarorga imzo chekdi.
Respublika tez tibbiy yordam markazi va uning 14 ta hududiy filiali tez tibbiy yordam xizmati hamda tibbiy avtoxoʻjaliklar negizida tashkil qilinadi va tez tibbiy yordamning yagona vertikal boshqaruv tizimi yoʻlga qoʻyiladi.
Markaz va uning hududiy filiallarida situatsion muvofiqlashtiruvchi boʻlimlar tashkil etilib, tuman (shahar) va hududlardagi tez tibbiy yordam tizimi faoliyatini tahlillar asosida boshqaradi va takomillashtirish boʻyicha takliflar kiritadi.
2023-yil 1-sentyabrga qadar Toshkent shahri tajribasi asosida respublikaning boshqa hududlarida elektron avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi toʻliq joriy qilinadi.
1-dekabrga qadar Andijon, Jizzax, Samarqand va Surxondaryo viloyatlari, 2023-yil 1-sentyabrga qadar Qoraqalpogʻiston, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Sirdaryo, Toshkent, Fargʻona va Xorazm viloyatlari tuman (shahar)laridagi dispetcherlik xizmatlari tugatiladi.
Toshkent shahri tajribasi asosida Markazning hududiy filiallarida — yagona Call-markazlar faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. Ularga chaqiruvlarni qabul qiluvchi xodimlar bilan birga shifokor xodimlardan iborat maxsus tibbiy maslahat xizmati faoliyati tashkil etiladi.
Qolaversa, saralash orqali bemor ahvoli, kasallik turi va ogʻirlik darajasiga qarab chaqiruvlarga tegishli tibbiy brigadalarni yoʻnaltirish tizimi joriy etiladi.
Bundan tashqari, tez tibbiy yordamning tuman (shahar) yoki hudud chegarasidan qatʼi nazar — bemorgacha masofaning yaqinligiga qarab tibbiy brigada yoʻnaltiriladi. Markaziy tuman (shahar) shifoxonalari qabulxonalarini shoshilinch xizmat koʻrsatishga va yuqori texnologik tibbiy jihozlarni oʻrnatishga moslashtiriladi.
Tez tibbiy yordam avtotransport vositalariga radioaloqa vositalari va GPS-trekerlar oʻrnatiladi, tez tibbiy yordam brigadalarini planshetlar bilan taʼminlanadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Kadastr agentligi bilan birgalikda 2022-yil yakuniga qadar 10 mingta koʻchaga nom berish ishlarini yakunlash vazifasi topshirildi.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tez tibbiy yordam xizmatini tashkil etish va raqamlashtirish uchun Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan kamida 85 milliard soʻm miqdordagi mablagʻlarni SSV huzuridagi Tez tibbiy yordamni rivojlantirish jamgʻarmasiga yoʻnaltiradi. Qolaversa, SSVning Jahon banki shoshilinch xizmatlarni rivojlantirish loyihasi doirasida 5 million AQSH dollari miqdoridagi mablagʻlar tez va shoshilinch tibbiy yordamni raqamlashtirish tadbirlariga yoʻnaltiriladi.
SSVga 2022-yil yakuniga qadar mavjud oʻrinlar va shtat birliklari doirasida markaziy tuman (shahar) shifoxonalarining shoshilinch tibbiy yordam boʻlimlaridagi oʻrinlari pediatriya, terapiya va xirurgiya boʻlimlari tarkibiga oʻtkazilib, bemorlarni kasallikning ogʻirlik darajasi boʻyicha saralaydigan (triaj) tunu-kun ishlaydigan shoshilinch qabul boʻlimlarini tashkil etadi.
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, uning hududiy filiallari hamda barcha tumanlararo qoʻshma shikastlanishlar va oʻtkir qon-tomir kasalliklari markazlarida shoshilinch qabul boʻlimlari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.
Toshkent shahri Shayxontohur tumanidagi 1-son, Yashnobod tumanidagi 4-son, Yunusobod tumanidagi 7-son shahar klinik shifoxonalari hamda Uchtepa tumanidagi Toshkent shahar tez tibbiy yordam klinik shifoxonasi tarkibida alohida yuridik maqomga ega boʻlmagan tumanlararo qoʻshma shikastlanishlar va oʻtkir qon-tomir kasalliklari markazlari tashkil qilinadi.
Respublika tez tibbiy yordam markazi va Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, ularning hududiy filiallari hamda tumanlararo qoʻshma shikastlanishlar va oʻtkir qon-tomir kasalliklari markazlarida davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmat turlaridan tashqari xizmatlarni pullik asosda tashkil etishga ruxsat berildi.
Yangi tashkil etilayotgan tumanlararo qoʻshma shikastlanishlar va oʻtkir qon-tomir kasalliklari markazlarini jihozlash uchun Jahon bankining “Oʻzbekistonda COVID-19 koronavirusi infeksiyasiga qarshi kurashish boʻyicha shoshilinch choralarni koʻrish” loyihasi doirasida iqtisod qilingan mablagʻlar yoʻnaltiriladi.
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q