O‘zbekistonda davlat OTMlarida o‘qishni ko‘chirishning yangi tartibi belgilandi

Saqlash
03:18 / 17.06.2022 842 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev imzolagan farmon bilan talabalarning davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishni ko‘chirish tartibi tasdiqlandi.

 

Xorijiy oliy o‘quv yurtlaridan O‘zbekiston davlat OTMlariga ta’limning mos va turdosh bo‘lmagan yo‘nalishlariga ko‘chirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

 

Xorijiy mamlakatlarda faoliyat yuritayotgan (jumladan, xalqaro tan olingan reytinglarda birinchi 1 000 ta o‘rindan birini egallagan) oliy ta’lim tashkilotlaridan davlat oliy ta’lim muassasalarining mos va turdosh ta’lim yo‘nalishlariga ko‘chirishda:

 

– talabadan alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kasbiy (ijodiy) imtihonlar, boshqa ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha test sinovlari o‘tkaziladi. Bunda, kasbiy (ijodiy) imtihonlar tegishli oliy ta’lim muassasasi tomonidan, test sinovlari Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladi;

– test sinovlari va kasbiy (ijodiy) imtihonlar bo‘yicha o‘tish ballari har yili 15 iyulga qadar Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda tizimida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar tomonidan belgilanadi hamda Davlat test markazining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi;

– o‘tish balidan past ball to‘plagan talabalar bakalavriatga qabul qilishdagi tartibga muvofiq tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinadi;

– test sinovlari va kasbiy (ijodiy) imtihonlar natijalari Davlat test markazi hamda tegishli oliy ta’lim muassasasining rasmiy veb-saytlarida e’lon qilinadi;

 

O‘qishni davlat oliy ta’lim muassasalarining biridan boshqasiga ko‘chirishda talaba oila qurishi munosabati bilan turmush o‘rtog‘i doimiy yashaydigan hududdagi oliy ta’lim muassasasiga o‘qishini ko‘chirish uchun murojaat qilganda yoki davlat organlarining xodimlari ish joyi o‘zgargan taqdirda uning turmush o‘rtog‘i yoki voyaga yetmagan farzandi o‘qishini ko‘chirish uchun murojaat qilganda, tegishli vazirlik (idora) rahbarining tavsiyasi asosida ruxsat beriladi.

 

Avvalroq Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi rahbari Abduqodir Toshqulov Qonunchilik palatasining 7 iyundagi yalpi majlisida o‘qishni ko‘chirish bilan bog‘liq ishlarda firibgarlik holatlari borligi va shuning uchun endi faqat ikki toifadagi talabalarga o‘qishni ko‘chirishga ruxsat berilishi haqida ma’lum qilgandi. Uning qayd etishicha, o‘tgan yili o‘qishni ko‘chirish uchun 60 ming kishi ariza topshirgan, bu yil 150 mingtagacha yetishi kutilmoqda, biroq «endi bu masala hal qilindi». «Talaba tuproqshunoslikka hujjat topshirayapti, maqsadi biologiyada [fakultet] o‘qish. Talaba birinchi kursdan maqsadini belgilab olishi kerak», — dedi u.

 

O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan xorijiy va nodavlat OTM talabalari davlat oliy ta’lim muassasalarining mos va turdosh bo‘lmagan ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishni ko‘chirishda tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishi uchun belgilangan tabaqalashtirilgan to‘lov-kontraktning minimal miqdoriga teng bo‘lgan bir martalik to‘lov amalga oshiradi. Mos va turdosh bo‘lgan ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishni ko‘chirishda esa talabadan alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kasbiy (ijodiy) imtihonlar, boshqa ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha test sinovlari o‘tkaziladi.

 

Shuningdek, sport musobaqalari g‘olibi sifatida imtiyoz bilan oliy ta’lim muassasalariga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilingan hamda kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan talabalarning o‘qishini ularning arizalariga muvofiq, sirtqi ta’lim shaklidagi mos va turdosh ta’lim yo‘nalishiga (sirtqi ta’lim shakli mavjud bo‘lgan taqdirda) davlat granti asosida ko‘chirishga ruxsat beriladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//