Farzandini uxlamagani uchun kaltaklagan ayolga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi

Saqlash
01:49 / 17.06.2022 777 0

Ijtimoiy tarmoqlarda ayol oʻzining 1,5 yoshlar atrofidagi farzandini uxlamagani uchun kaltaklagani aks etgan video tarqaldi.

 

Voqea taxminan Samarqand viloyatidagi shifoxonalarning birida sodir boʻlgan. Tasvirlarda ayol yonidagi sherigiga shu uxlasa “biz ham vaqtida yotardik” deya shikoyat qilgan. Sherigi esa “yaxshi gap bilan tushuntirsa” boʻlishini uqtirishga harakat qilgan.

 

Shu payt u farzandi joyini oʻzgartirganda bolakay yigʻlay boshlagan va ayol unga qarata: “Oʻchir eee ovozingni. Oʻchir, oʻchir, oʻchir” deya bolaning orqa miyasi qismiga shapaloqlab urgan. Bola yigʻlashdan toʻxtamagach ayol uni siltab, “oʻl” deya bir necha marotaba kaltaklagan. Videoda ayol: “Yeb qoʻyding. Yot [uxla]… Ey menga qara hozir urib oʻldirib qoʻyaman”, — deya bolasini kuchli siltab tashlaganini koʻrish mumkin.

 

Samarqand viloyati IIB matbuot kotibi Jaxongir Sagdullayev mazkur voqea 14-iyun kuni Payariq tumanida sodir boʻlganini maʼlum qildi.

 

“Tumanning „Boshqoʻrgʻon“ MFYda istiqomat qilib kelayotgan (1988-y.t.) ayol 2020-yilda tugʻilgan, voyaga yetmagan farzandini davolatish uchun shifoxonaga olib borgan. U yerda stress va asabiy holatda farzandiga nisbatan ushbu harakatlarni sodir etganligi aniqlandi”, — dedi u.

 

Qoʻshimcha qilinishicha, ayol ruhiy sogʻlom va hozirgi kunda oʻzining turmush oʻrtogʻi bilan yashab kelmoqda.

 

Holat boʻyicha JKning 110-moddasi 2-qismi (voyaga yetmagan shaxsga nisbatan qiynash harakatlarini sodir etish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Hozirda tergov harakatlari amalga oshirilmoqda. Unga 360 soatdan 480 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi xavf solmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//