Qizaloq 10-qavatidan tushib ketgan uyning quruvchilari javobgarlikka tortiladi

Saqlash
01:47 / 16.06.2022 821 0

Samarqand shahridagi Qorasuv massivida koʻp qavatli uy-joylarning loyihachisi Univer Pro Stile va pudratchisi Agromir Buildings kompaniyalari mansabdor shaxslari javobgarlikka tortiladi. Bu haqda Oʻzbekiston Qurilish vazirligi xabar berdi.

 

9-iyun kuni 15 qavatli uyning 81-xonadonda yashovchi bir yarim yoshli qizaloq 10-qavatdagi balkondan pastga tushib ketib, olgan tan jarohatlari oqibatida vafot etgandi. 2019-yildan beri uylar qurilayotgan bu massivda 12, 14, 15, 16 va 25 qavatli uylar mavjud.

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2019 va 2021 yillarda ushbu massivga tashrif buyurgandi. Oʻtgan yili aprel oyida prezident matbuot xizmati Agromir Buildings ikki yil ichida 3588 xonadonga moʻljallangan balandligi 12, 14 va 15 qavatli 47 ta uy-joy qurganini, yana yettita 16 qavatli va ikkita 25 qavatli uy-joy qurish rejalashtirilgani haqida xabar bergandi. Oʻshanda uylar “Turkiyaning zamonaviy texnologiyasi asosida” qurilayotgani qayd etilgandi.

 

Qurilish vaziri Botir Zokirov soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda ilgari imkoni boʻlmagan koʻp qavatli uylar qurish muvaffaqiyatli oʻzlashtirilganini taʼkidlagandi.

 

Qurilishdagi qoidabuzarliklar

 

Qurilish vazirligi habarida qayd etilishicha, 13-iyun kuni sodir boʻlgan fojiali voqeadan soʻng qurilish sohasi nazorati boʻyicha hududiy inspeksiya vakillari voqea joyiga borgan. Ular uyning balkonlarini oʻrganib chiqib, panjaraning bir qismi loyiha hujjatlarida koʻrsatilgan 150 mm oʻrniga 165 dan 170 mm gacha koʻtarib qurilgani aniqlangan. Kun.uzʻning yozishicha, aynan shu oraliqdan qizaloq tushib ketgan.

 

Vazirlik maʼlum qilishicha, qurilish ishlari sifati masʼul inspeksiya tomonidan muntazam oʻrganilib, loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq qurilish-montaj ishlari olib borilgan. Qurilish uchun 2019-yil 23-aprel, 21-noyabr, hamda 20-dekabrda, shuningdek, 2020-yil 21-yanvar va 7-dekabr sanalarida yozma koʻrsatmalar berilgan.

 

Agromir Buildings 2019-yil 30-martda hududiy qurilish inspeksiyasidan roʻyxatdan oʻtgan. Loyiha-smeta hujjatlari Samarqand shahar Bosh qurilish boshqarmasi arxitektura-shaharsozlik kengashining 2019-yil 14-fevraldagi xulosasi olingach Univer Pro Stile tomonidan ishlab chiqilgan.

 

Oʻsha yilning 28-mart kuni “Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi” davlat unitar korxonasi Samarqand viloyati filialining ishchi loyihasi boʻyicha yigʻma ekspert xulosasi olindi, deyiladi xabarda.

 

May oyida Qurilish vazirligi massivdagi 25 qavatli ikkita uy qurilishi deyarli qurib bitkazilganiga qaramay, Agromir Buildings ularni qurilish sohasini nazorat qilish hududiy inspeksiyasida roʻyxatdan oʻtkazmagani va bu borada ijobiy ekspert xulosasi olinmagani haqida xabar bergandi. Masʼul shaxslar maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 99-moddasi 7-qismi (obyektlarni davlat ekspertizasining loyiha-smeta hujjatlariga, shu jumladan ish hujjatlariga doir ijobiy xulosasisiz, shuningdek qurilish sohasida nazorat qilish va yoʻl-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyalarining ruxsatnomasisiz qurish — jismoniy shaxslarga BHMning 25 baravaridan 30 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — BHMning 50 baravaridan 70 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi) bilan javobgarlikka tortildi.

 

Qurilish vazirligi ushbu kompaniya yana 22 ta shunday uy qurishni rejalashtirayotganini, oʻsha paytda ham ruxsat olmaganini taʼkidlagandi

 

Baland uylarning nimasi yomon?

 

“Gazeta.uz” koʻp qavatli turar-joy binolar odamlar farovonligi va ruhiy salomatligiga salbiy taʼsir koʻrsatishi boʻyicha oʻtkazilgan tadqiqotlar haqida yozgandi. Bunday binolar qoʻrquv, norozilik tuygʻularining oʻsishiga olib keladi, stressga chidamligiga salbiy taʼsir qiladi. Shuningdek, bunday uy-joylar xulq-atvordagi muammolarga, yomon ijtimoiy munosabatlarga, oʻz joniga qasd qilishga va bolalarning rivojlanishga — salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin.

 

Koʻp qavatli binolar mavjud infratuzilmaga ogʻirlik olib keladi, transport muammolarini kuchaytiradi va shaharning meʼmoriy qiyofasini buzishi mumkin.

 

Past qavatli binolarda yoki hovli uylarda yashovchi odamlar koʻp qavatli binolarda yashovchi odamlarga qaraganda qoʻshnilariga ikki baravar koʻproq yordam berishadi. Qoʻshnilar va jamiyatga tegishlilik va aloqadorlik hissi inson salomatligi va baxtining muhim elementlari hisoblanadi. Ishonch darajasi yuqori boʻlgan shaharlarda baxt va YAIMning oʻsishi ham ancha yuqori.

 

Foto: Kun.uz.

 

Kun.uz reportajida voqea sodir boʻlgan joy aholisi uzoq vaqtdan beri xavfsiz boʻlmagan balkonlar haqida xavotirlarini bildirib kelgan. Baʼzi oilalar oʻz panjaralarini qayta oʻrnatmoqchi boʻlishganda, boshqaruv kompaniyasi binolarning umumiy koʻrinishini buzmaslik uchun ularga ruxsat bermagan. Aytilishicha, aholiga balkonlarida kiyimlarini quritish ham taqiqlangan.

 

Nashrlarning aholiga tayanib yozishicha, taxminan bir yil avval bir ayol baland qavatdan qulab tushib, vafot etgan. 80-uyda yashovchi bola uchinchi qavatdan qulab tushib, tirik qolgan. Kvartirani ijaraga olgan bu oila koʻchib ketgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//