2022-yil 5 oyida Qashqadaryoda 29 nafar oʻqituvchi jinoyat sodir etgani maʼlum qilindi

Saqlash
01:43 / 15.06.2022 936 0

Qashqadaryoda joriy yilning besh oyida oʻquvchilar va oʻqituvchilar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning bir nechtasi qotillik bilan yakun topgan.

 

Viloyat hokimligi axborot xizmatining xabar berishicha, hokimlikda taʼlim dargohlarining faoliyati yuzasidan oʻtkazilgan tanqidiy yigʻilishda maktablardagi holatlar batafsil tahlil etilib, kamchiliklar aytib oʻtilgan.

 

Jumladan, maktab oʻquvchilari va oʻqituvchilari ishtirokida sodir etilayotgan jinoyatlar soni 2022-yilda oshgani maʼlum qilingan. Maktablarda taʼlim sifatining pastligi, oʻquvchilar davomati va xulq-atvori nazorat qilinmasligi oqibatida maktab oʻquvchilari tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklar miqdori oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 16 taga yoki 60 foizga oshgan. 2021-yilning dastlabki 5 oyida oʻquvchilar tomonidan 27 ta huquqbuzarlik sodir etilgan boʻlsa, joriy yilda ularning soni 43 taga oshgan.

 

Tahlillarga koʻra, oʻquvchilar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning 2 tasi (Qarshi shahrida va Dehqonobod tumanida), oʻlim bilan yakun topgan.

 

Jumladan, Qarshi shahar 27-sonli oʻrta maktabning 11-sinf oʻquvchisi Qarshi shahar “Komilon” MFY Buloq koʻchasi 35-uyda yashagan fuqaroni qasddan oʻldirib, oʻzining jinoiy qilmishlarini yashirish maqsadida, marhumning turmush oʻrtogʻi, onasini ham bosh qismiga urgan, soʻngra uning Nexia-3 mashinasini olib voqea joyidan yashiringan.

 

Bundan tashqari, 2022-yil 5 oyida Qashqadaryoda 29 nafar oʻqituvchi tomonidan jinoyat sodir etilgan.

Jinoyat turlari boʻyicha tahlil qilinganda:

1 ta qotillik (Shahrisabz shahar 30-maktab oʻqituvchisi);

2 ta oʻrtacha ogʻir tan jarohati yetkazish (Qarshi shahar 20-maktab) ;

2 ta yengil tan jarohati yetkazish;

1 ta nomusga tegish (Qamashi tumani);

2 ta oʻgʻrilik (Chiroqchi tumani);

1 ta bezorilik (Qamashi tumani) ekani maʼlum boʻlgan.

 

Shuningdek, bir nechta holatda tuman Xalq taʼlimi boʻlimi mudirlari va maktab mutasaddilari korrupsion holatlarda qoʻlga olingan.

 

“Xususan, Koson tumani XTB mudiri S.D., Qarshi shahar XTB metodisti Q.D. jinoiy javobgarlikka tortilgan. 2022-yil 4-mart kuni Koson tuman XTB tasarrufidagi 55-maktab direktori M.B. fuqaro Sh.X.ni ushbu maktabning boshlangʻich sinf oʻqituvchisi lavozimiga ishga olish evaziga undan 400 AQSH dollari miqdorida pora olayotgan vaqtda ushlangan. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda”, deyiladi xabarda.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//