Bolalar bog‘chasi “Zukko Bolajon!” foto-albomi asosida jihozlandi

Saqlash
00:54 / 15.06.2022 1639 0

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha ta’lim vazirligi, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati hamda Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi  hamkorligida poytaxtimizdagi 482-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotida “Zukko Bolajon!” foto-albomi taqdimotiga bag‘ishlangan badiiy-musiqali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.  Aytish kerakki, mazkur bolalar bog‘chasi "Zukko Bolajon!" foto-albomi asosida jihozlangan bo‘lib, kelgusida bunday maskanlar safi kengaytirib boriladi. Unda “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zolari, Maktabgacha ta’lim vazirligining mas’ullari, poytaxtimizda joylashgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari mudiralari, muassasa tarbiyalanuvchilari ishtirok etdi.

 

Dastlab Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha rahbar maslahatchisi  Muhtarama Ulug‘ova bolajonlarga samimiy tilaklarini bildirib, bugungi kunda ertamiz egalari bo‘lgan farzandlarimiz manfaatlarini himoya qilish, ularning jahon andozalariga muvofiq bilim olishi, ma’naviy kamol topishi uchun yetarlicha shart-sharoitlar yaratilayotganini ta’kidladi.

 

Tadbir davomida “Zukko Bolajon!” fotoalbomi ustida yurtimizdagi taniqli olimlar, pedagog-psixologlar, ekspertlar va soha mutaxassislarini jalb etgan holda milliy an’analarimizga xos ta’lim-tarbiya, yo‘qolib borayotgan odob-axloq me’yorlarini yodga soladigan 50 dan ortiq holatni o‘zida aks ettirgan ssenariy loyihalari ishlab chiqilgani va shu ssenariy asosida suratga olish ishlari tashkil etilgani aytildi. Ushbu albom mamlakatimizdagi 17 nafar fan arbobi, adabiyot, san’at, madaniyat namoyandalari, olimlar, shoir-yozuvchilar va sportchilar tomonidan ma’naviy-axloqiy tarbiyani rivojlantirishga hissa qo‘shadigan xulosalar asosida to‘ldirilib, 100 dan ortiq lavhalar bilan boyitildi.

 

Ma’naviy-ma’rifiy tadbir davomida “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati raisi Baxtiyor Xusanov “Zukko Bolajon!” fotoalbomini 482-sonli maktabgacha ta’lim muassasasiga hadya etib, jamiyat bolajonlarning ma’naviy olamini yanada boyitishga xizmat qiladigan loyihalarni hayotga tatbiq etishda davom etishini bildirdi. Shuningdek, farzandlarimiz qalbida go‘zal insoniy fazilatlarni shakllantirish, to‘g‘ri qaror qabul qilish, o‘zbek xalqining qadim tarbiya uslublarida samarali foydalanish, yuksak ma’naviy qadriyatlar ruhida tarbiyalash maqsadida “Zukko Ertakchi” loyihasi ham amalga oshirilayotganini, bunda O‘zbekiston badiiy akademiyasi bilan birgalikda ish olib borilayotgani haqida gapirdi.

 

Maktabgacha ta’lim vaziri maslahatchisi Kamola Irisqulova esa hamkorlikda amalga oshirilgan loyihaning maqsadi, mazmun-mohiyati haqida to‘xtalib, mazkur fotoalbom ilk bilim va tarbiya maskanlari – maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi bolalarda ijtimoiy motivlarni uyg‘otish, badiiy-estetik didni shakllantirish, intellektni rivojlantirish, kundalik turmushdagi qoidalarini o‘rgatish, yaqinlarga g‘amxo‘rlik qilish, o‘z tuyg‘ularini boshqarish kabi fazilatlarni o‘rgatishga xizmat qilishini ta’kidladi.

 

Shundan so‘ng sahnaga “Marvarid” bolalar musiqiy guruhi bolajonlari taklif etildi. Ular baxtli bolalikni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar hamda sho‘x raqslar bilan ishtirokchilar kayfiyatini yanada ko‘tardi. Shuningdek, tadbir davomida falsafa fanlari doktori, professor, Jamila Shermuhammedova va bolalar psixologi Shoira Isakova ham so‘zga chiqib, samimiy tilaklarini izhor etib bolajonlar bilan bevosita suhbatlar uyushtirishdi.

 

Milliy urf-odatlarimizning namunasi sifatida tadbir mobaynida tandirlarda issiq kulchalar pishirilib, bolajonlarga tortiq qilindi. “Zukko Bolajon!” loyihasi doirasida fotoko‘rgazma hamda “Karvon” xalq qo‘g‘irchoq teatri tomonidan tomoshalari namoyish etildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//