46 yoshli diniy bloger Abror Muxtor Aliy 18 yoshli xotinini kaltaklagani va tahqirlagani aytilmoqda

Saqlash
04:45 / 14.06.2022 6223 0

Ijtimoiy tarmoqlarda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Qurʼon va tajvidni oʻrgatish boʻlimi mudiri oʻrinbosari Abror Abduazimov (Abror Muxtor Aliy) xotinini tinimsiz urishi, tahqirlashi aytilgan bir nechta audiolar tarqaldi.

 

Audiolardan birida oʻzini taniqli diniy blogerning qaynonasiman deb tanishtirgan ayol qizi Moʻmina Abdulhayeva hali kollejni bitirmasidanoq Abror Muxtor Aliy aldov yoʻli bilan unga uylanib olib, keyin surunkali ravishda tahqirlab, doʻpposlab kelayotganini iddao qilgan.

 

Aytilishicha, Abror Muxtor Aliy yosh xotinini farzand koʻrganidan bir hafta oʻtgach ham shafqatsizlarcha kaltaklagan. Ota-ona tinimsiz iltimoslaridan soʻng qizini qaytarib olib ketishga majbur boʻlgan. Biroq Moʻmina yaqinda yoʻqolib qolgan. Onasining fikricha, uni Abror Muxtor Aliy olib qochgan.

 

Ayol hozir qizi Moʻminaning hayotidan xavotirda ekanini bot-bot takrorlagan:

 

«Men u odamdan qoʻrqaman, u bizga tahdid qiladi. Nahotki Oʻzbekiston oʻsha odamning qoʻlida turgan boʻlsa, Oʻzbekistonimiz oʻshanaqangi insonlarga qoldimi? Dinimiz, islomimiz Abrorning qoʻlidami?» deya yigʻlagan.

 

Ayol hozir oʻzi Misrda, qizi esa Toshkentdaligini aytgan va kuyoviga chora koʻrilishini soʻrab Oʻzbekiston Prezidenti va Saida Mirziyoyevaga yigʻlab murojaat qilgan.

 

Shuningdek, tarmoqlarda Abror Muxtor Aliyning qaynonasi va xotini bilan tortishgani aks etgan uzuq-yuluq audiolar ham tarqaldi.

 

Oʻzini Abror Muxtor Aliyning xotini Moʻmina Abdulhayeva deb tanishtirgan ayol videomurojaatida hozir oilasi bilan baxtli yashayotgani, tarqalgan audiolar eski yozuvlar ekani, vaziyat izga tushganini maʼlum qilgan. Avvalroq oilada janjallar boʻlganini tan olgan va uydan oʻz xohishiga koʻra turmush oʻrtogʻi bilan chiqib ketganini aytgan.

 

Bu iddaolarga javoban bloger Abror Muxtor Aliy «Feysbuk» sahifasida videomurojaat yoʻlladi.

 

Uning bildirishicha, tarqalgan audiolar dushmanlarning fitnasi, provokatsiyasi boʻlib, unda aytilgan gaplar haqiqatdan yiroq, isbotlovchi biror dalil yoʻq. Audioni chiqargan ayolning psixikasida esa buzilishlar boʻlishi mumkin.

 

«Kim ayollar masalasida Abror Muxtor Aliy shunaqa ish qilibdi deydigan boʻlsa, masalani bilishi uchun yo xotini, yo onasi va yo singlisini joʻnatsin. Oʻsha ayollar bilan yuzma-yuz masalani yechib, koʻrsatib beraman. Masala bular talqin qilayotgandek emas. Hayotimiz yaxshi, alhamdulilloh, davom etyapti, bizda unaqa muammo yoʻq», degan u.

 

Hozirgacha ushbu holat yuzasidan diniy idora ham, huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalar ham bayonot bergani yoʻq.

 

Eslatib oʻtamiz, toʻrt yil avval Abror Muxtor Aliy xotini Saodatxon Aʼzamxoʻjayevani kaltaklab, sakkiz oylik homila bilan koʻchaga haydagani haqida xabarlar tarqalgan edi. Ular oʻrtasidagi sharʼiy nikoh «Kaptiva» mashinasida oʻqilgani aytilgan va bu holat tarmoqlarda qizgʻin muhokamalarga sabab boʻlgan edi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//