Siyosat
Senatning yigirma yettinchi yalpi majlisida “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda isteʼmol qilinishini cheklash toʻgʻrisida”gi Qonun koʻrib chiqildi.
Mazkur Qonun “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda isteʼmol qilinishini cheklash toʻgʻrisida”gi, “Jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklash toʻgʻrisida”gi va boshqa qonunlardagi normalarni oʻz ichida mujassamlashtiradi. Shu sababli ularni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish nazarda tutiladi.
Biroq yalpi majlisda Senat aʼzolari Qonunning asosiy tushunchalariga aniqlik kiritish zarurligi, kollizion normalar mavjudligi, huquqni qoʻllash amaliyoti chuqur oʻrganib chiqilmaganligi bois Qonunni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.
Rad etish uchun asosiy sabablar sifatida qator masalalar keltirib oʻtildi.
Jumladan, alkogol va tamaki mahsulotlarini isteʼmol qilishning zarari toʻgʻrisida targʻibot-tashviqot hamda profilaktika ishlari faqatgina voyaga yetmaganlar oʻrtasida olib borilishi, bunday mahsulotlarni sotish va isteʼmol qilish 21 yoshga toʻlmagan shaxslar uchun taqiqlanishi koʻzda tutilgan. Natijada ushbu Qonun doirasida 18 yoshdan yuqori va 21 yoshga toʻlmagan shaxslar qatlami chetda qolmoqda.
Shuningdek, Qonunda “nosvoy”, “tamakili snyus” va “nikotinli snyus” tushunchalari chekilmaydigan tamaki mahsulotlari doirasiga kiritilgan. Bunda “nosvoy” tushunchasining mazmuni alohida xatboshida ochib berilgan, biroq boshqa yangi turdagi chekilmaydigan tamaki mahsulotlari “tamakili snyus” va “nikotinli snyus” tushunchalari ochib berilmagan, ularning bir-biridan farqi bayon etilmagan.
Qonunda faqatgina Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan tabiiy va koʻpiklanadigan vinolarning reklamasiga qaysi hollarda yoʻl qoʻyilishi bayon etilgan. Biroq 2022-yil 7-iyundagi “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonunning 39-moddasida tabiiy va koʻpiklanadigan vinolar bilan birga pivo reklamasiga ham yoʻl qoʻyilishi belgilangan. Bu esa normalar kolliziyasini keltirib chiqarmoqda. Shunga koʻra Qonunning tegishli normasini “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiqlashtirish zarurligi taʼkidlandi.
Majlisda Qonunning ahamiyati hamda bugungi kundagi dolzarbligini inobatga olib, Qonunchilik palatasi tomonidan koʻrsatilgan kamchiliklar koʻrib chiqilgach, Qonun Senatning navbatdagi yalpi majlisi kun tartibiga qayta kiritilishi bildirildi.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q