Prezident yana bir qonunni imzoladi

Saqlash
02:22 / 11.06.2022 734 0

“Pochta aloqasi toʻgʻrisida”gi qonun Prezident tomonidan imzolandi.

 

Qonun bilan qonunchilikka posilka, pochta kuryeri kabi tushunchalar kiritildi.

 

Qonunga koʻra, pochta xizmatlari pochta aloqasi operatorlari va provayderlari tomonidan pochta, kuryerlik xizmatlari hamda boshqa turdagi pochta xizmatlari tarzida shartnoma asosida koʻrsatiladi.

 

Foydalanuvchilarning manziliga oid maʼlumotlar, pochta va kuryerlik joʻnatmalari hamda ularning tarkibi toʻgʻrisidagi axborot, pochta aloqasi operatorlari hamda provayderlarining faoliyati sohasiga kiradigan boshqa xabarlar, shuningdek ushbu pochta va kuryerlik joʻnatmalarining oʻzi pochta aloqasining sirini tashkil etadi.

 

Pochta aloqasi operatorlari va provayderlari pochta xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha majburiyatlarni bajarmaganlik uchun foydalanuvchilarga yetkazilgan zararlarning oʻrnini qoplaydi.

 

Pochta va kuryerlik joʻnatmasi topshirilmaganligi, oʻz vaqtida yetkazib berilmaganligi yoki yoʻqotilganligi, buzilganligi (shikastlanganligi) yoxud oʻtkazilgan pul mablagʻlari toʻlanmaganligi bilan bogʻliq eʼtirozlar pochta va kuryerlik joʻnatmasi topshirilgan kundan eʼtiboran 6 oy ichida taqdim etiladi.

 

Pochta xizmatlaridan foydalanuvchilar pochta aloqasi xizmatlarining boshqa foydalanuvchilariga, pochta aloqasi operatorlari yoki provayderlariga yetkazilgan, joʻnatilishi taqiqlangan predmetlar va moddalarni pochta va kuryerlik joʻnatmalariga joylash natijasida yoki ular lozim darajada oʻralmaganligi natijasida yuzaga kelgan zarar uchun belgilangan tartibda javobgar boʻladi.

 

Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//