Talabaning menga yoqqani yoki moliyaviy holati yaxshi boʻlmaganligi uchun grant ajrata olmaymiz – AKFA rektori

Saqlash
02:32 / 10.06.2022 794 0

AKFA universitetida jurnalistlar, jamoatchilik vakillari ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi. Unda universitet rahbariyati davlatdan subsidiya olmasligi, talabalarga grantlar qanday shaklda ajratilishi haqida maʼlumot berdi.

 

Universitet rektori Bekzod Jalilov davolash ishi yoʻnalishi haqida maʼlumot berib, oʻzi bilan boʻlgan voqeani misol keltirdi. Aytishicha, turmush oʻrtogʻining homiladorlik davrida ayrim shifokorlar unga qoʻpol munosabatda boʻlib, hatto bolani “oldirib tashlash”ni ham taklif etishgan. Biroq yaxshi parvarish sabab barchasi oʻz iziga tushgan.

 

Umuman olganda, rektorning fikricha, barcha boʻlajak shifokorlarga psixologiya, etika kabi fanlar oʻtilishi va ular bemor bilan shirin soʻzlashishni oʻrgatish lozim.

 

“Barcha boʻlajak shifokorlar bemor bilan shirin soʻzlashishni oʻrgatish kerak”, deydi u.

 

 

Rektorga koʻra, bu amaliyot yaxshi natija beradi. Shuningdek u talabalarni imkon qadar Oʻzbekistonda olib qolishga urinishi haqida taʼkidladi.

 

«100 nafar talabaning 42 nafari uchun grant oʻrinlari ajratganmiz. Grantlar menga ham, dekanlar, oʻqituvchilarga ham bogʻliq emas. Talaba zoʻr oʻqisa, bilimi kuchli boʻlsa, u oilasining moliyaviy holatidan qatʼiy nazar 100 foiz grantda oʻqiy oladi.

 

Qaysidir talabaning menga yoqqanligi uchun yoki moliyaviy holati yaxshi boʻlmaganligi uchun unga 100 foiz grant ajratsam ertaga u bilimni yetarli darajada olishiga hech kim kafolat bera olmaydi. Shu sabab bizda 100 foizli grant 1 semestr uchun beriladi. Talabalar har semestr 100 foizli grant uchun harakat qilishadi», dedi u.

 

Rektorga koʻra, AKFA universitetida grantda oʻqigan talabalarga qayerdadir majburiy ishlash talabi qoʻyilmagan.

 

Shuningdek, anjumanda Biznes maktabi dekani Bahodir Ahmedov grantlar bilan bogʻliq masalada qoʻshimcha qildi.

 

 

“Kam taʼminlangan oila farzandlarini qoʻllab-quvvatlash dasturlarini tuzish muhokama qilingan. Bu juda nozik masala. Chunki qaysidir talabalarga sunʼiy ravishda grant beradigan boʻlsak, oʻquv jarayonlarida sifatning buzilishiga olib keladi. Agar biz chindan ham kam taʼminlangan oilalarni qoʻllab-quvvatlamoqchi boʻlsak, bu ishni grantlar sonini oshirish orqali amalga oshiramiz. Bu masala muhokama qilinmoqda. Jarayonni oʻquv sifatini buzmagan holda amalga oshiramiz”, dedi Ahmedov.

 

Maʼlumot uchun, universitet 2019-yil 15-fevralda Vazirlar Mahkamasining “AKFA universitetini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori asosida tashkil etilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//