AQSH senatori MO mamlakatlari uchun Jekson-Venik tuzatishini bekor qilishni taklif etdi

Saqlash
17:56 / 06.11.2025 41 0

 

AQSH Markaziy Osiyo davlatlariga mustaqillik va oʻz kelajagini oʻzi belgilash imkoniyatini saqlab qolishda yordam berishga intiladi. Bu haqda 5-noyabr kuni C5+1 (Markaziy Osiyo + AQSh) diplomatik platformasining oʻn yilligiga bagʻishlangan tadbirda respublikachi senator, AQSh Senatining Xalqaro ishlar boʻyicha qoʻmitasi raisi Jeyms Rish maʼlum qildi.

 

Uning soʻzlariga koʻra, Markaziy Osiyo davlatlari “murakkab geosiyosiy qurshovda qolgan”.

 

“Bugun bu yerga yigʻilgan yetakchilar murakkab geosiyosiy muhitda joylashgan davlatlar vakillaridir. Biz buni tushunamiz. Sizlar qudratli mamlakatlar oʻrtasida qolgan buyuk millatlarsiz. Bugungi uchrashuv hamkorligimizni mustahkamlash va mamlakatlaringiz oʻz taqdirini oʻzi belgilashini taʼminlash uchun imkoniyatdir”, – dedi u.

 

Rishning taʼkidlashicha, AQSH Rossiya va Xitoy taʼsiriga muqobil variantni taklif qilishga tayyor.

 

Senator Kongressga AQSHning C5+1 formatidagi hamkorlar bilan iqtisodiy hamkorligidagi toʻsiqlarni bartaraf etishga qaratilgan qonun loyihasi kiritilganini maʼlum qildi.

 

“Ushbu yoʻnalishni qoʻllab-quvvatlash maqsadida men senator Deyns va hamkasblarim bilan birgalikda shu hafta C5+1 formatidagi hamkorlarimiz bilan iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish yoʻlidagi eskirgan toʻsiqlarni bartaraf etishga qaratilgan qonun loyihasini taqdim etdim. Gap Jekson-Venik tuzatishi cheklovlarini bekor qilish haqida ketmoqda” deydi u.

 

U tashabbus C5+1 platformasining oʻn yilligida taqdim etilgani va “mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlikning yangi, jadal davrini” ochishga qaratilgani, ramziy maʼnoga ega ekanini taʼkidladi.

 

C5+1 platformasi AQSh va Markaziy Osiyoning besh davlati – Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekistonni birlashtiradi. U 2015-yilda siyosiy, iqtisodiy va mintaqaviy hamkorlik formati sifatida tashkil etilgan. Navbatdagi sammit 6-noyabr kuni Vashingtonda boʻlib oʻtadi.

 

Jekson-Venik tuzatishi – 1974-yilda AQSH Savdo toʻgʻrisidagi qonuniga kiritilgan tuzatishlar boʻlib, ular emigratsiyaga (koʻchish) toʻsiq qoʻyuvchi va boshqa inson huquqlarini buzuvchi davlatlar bilan savdoni chegaralashni koʻzda tutadi. Hujjat uni taklif qilgan kongressmenlar Genri Jekson va Charlz Venik sharafiga nomlangan. AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Markaziy Osiyo mamlakatlari, jumladan, Oʻzbekistonga nisbatan kiritilgan ushbu tuzatishni “eskilik sarqiti” deb atagandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//