Jahon banki Oʻzbekiston oʻrmonlarini qayta tiklash uchun 142 million dollar imtiyozli kredit ajratmoqda

Saqlash
02:32 / 10.06.2022 1021 0

Jahon banki ijrochi direktorlar kengashi Oʻzbekistonga 142 million dollarlik imtiyozli kredit ajratishni maʼqulladi. 

 

Ushbu mablagʻlar mamlakatning turli hududlarida landshaftlar barqarorligini oshirish va oʻrmonlarni qayta tiklashga, shuningdek, Oʻzbekistonning transchegaraviy tabiiy zonalarni tiklash boʻyicha Markaziy Osiyodagi boshqa davlatlar bilan hamkorligini rivojlantirishga koʻmaklashuvchi loyihani moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi.

 

Loyiha Jahon bankining Markaziy Osiyoda landshaftlar barqarorligini taʼminlash dasturining (RESILAND CA+) bir qismidir. Uning maqsadi choʻllanish va yer degradatsiyasining oldini olish hamda iqlim oʻzgarishi oqibatlariga tayyorligini koʻtarish orqali landshaftlarning barqarorligini oshirishdan iborat.

 

Loyihani amalga oshirish uchun Jahon banki guruhiga kiruvchi Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi (XTA) Oʻzbekiston hukumatiga past foiz stavkasida, qaytarish muddati 30 yil, shundan besh yili imtiyozli davr boʻlgan moliyalashtirishni taqdim etadi.

 

Shuningdek, loyiha tadbirlarini amalga oshirishga trast fondlar tomonidan qoʻshimcha moliyalashtirish ajratiladi: Koreya-Jahon banki hamkorlik fondi (3 million dollar) hamda Barqaror va chidamli landshaftlar uchun global hamkorlik (8 million dollar).

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//