Reklamada milliy va oilaviy anʼanalarga zid boʻlgan obrazlardan foydalanish taqiqlandi

Saqlash
00:46 / 10.06.2022 827 0

Prezident 7-iyun kuni “Reklama toʻgʻrisida”gi qonunni imzoladi, deb xabar berdi Adliya vazirligi. U Qonunchilik palatasi tomonidan 2021-yil 28-dekabrda, Senat tomonidan esa 2022-yil 17-martda maʼqullangan.

 

Hujjatga koʻra, endilikda maktabgacha taʼlimda (bogʻcha) hamda tarbiyada, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va professional taʼlimda foydalaniladigan bosma nashrlarda (darsliklarda, maktab kundaliklarida, maktab daftarlarida va boshqalarda) tovarlar reklama qilinmaydi. Shuningdek, ️narxlarni (tariflarni) chet el valyutasida koʻrsatish ham taʼqiqlanmoqda.

 

Bolalarga axborot mahsulotini yosh tasnifini koʻrsatmasdan reklama qilish ham taʼqiqlanadi. Bu ularning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikda nazarda tutilgan hollar bilan bogʻliq.

 

Qolaversa, bundan keyin milliy va oilaviy anʼanalarga, shuningdek axloq va maʼnaviyatning umum qabul qilingan normalariga zid boʻlgan shakllar, iboralar va obrazlardan foydalanilmaydi.

 

Qonunga muvofiq, voyaga yetmaganlarning ishonchini va tajribasi yetishmasligini suiisteʼmol qilishdan himoya etish maqsadida reklamada, jumladan, quyidagilar taqiqlanadi:

 

  • xavfli vaziyatlarda, shu bilan birga ularning hayoti va (yoki) sogʻligʻiga tahdid soluvchi xatti-harakatlarni sodir etishga, shu jumladan oʻz sogʻligiga zarar yetkazishga undovchi vaziyatlarda voyaga yetmaganlarni namoyish etishdan foydalanish;
  • ota-onalar va tarbiyachilarni obroʻsizlantirish, voyaga yetmaganlarning ularga boʻlgan ishonchiga putur yetkazish;
  • voyaga yetmaganlar olishi yoki isteʼmol qilishi taqiqlangan tovarlarni voyaga yetmaganlar uchun moʻljallangan telekanallarda, telekoʻrsatuvlar va radioeshittirishlarda reklama qilish.

 

Bundan tashqari, dori vositalarini reklama qilishda taniqli shaxslarning, tibbiyot xodimlarining yoki tashqi koʻrinishi shifokorlarning tashqi koʻrinishiga oʻxshash shaxslarning ishtirok etishi taqiqlanadi. Mazkur tartib 17-mart kuni senatorlar tomonidan maʼqullangandi.

 

Telekanallar efirida, tele-, video-, kinoxronikali dasturlarda tarqatilayotgan reklamaning umumiy davomiyligi koʻrsatuv vaqtining 1 soati davomida 20 foizdan, biroq bir sutkada koʻrsatuv vaqtining 15 foizidan oshishi mumkin emas. Ushbu talab faqat reklama teledasturlariga ixtisoslashtirilgan telekanallarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

 

Davomiyligi 10 daqiqadan kam boʻlgan telekoʻrsatuvlarni reklama bilan uzib qoʻyishga va reklama bilan birga namoyish etishga yoʻl qoʻyilmaydi.

 

Ushbu qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 3 oy oʻtgach (taxminan 7-sentyabrdan) kuchga kiradi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//