O‘zbekiston musulmonlari idorasi Umra safari narxlari oshgani yuzasidan izoh berdi

Saqlash
19:39 / 06.06.2022 1105 0

“Haj-2022” mavsumi uchun 1 nafar ziyoratchiga to‘lov miqdori 62 million 900 ming so‘m etib belgilangandi. Musulmonlar idorasi ushbu to‘lovga nimalar kirishi haqida ma’lumot berdi.

 

Qayd etilishicha, Saudiya hukumati tomonidan haj safari narxiga ta’sir qiluvchi qo‘shimcha soliq va majburiy to‘lovlar joriy qilingan. Shuningdek, kommunal, transport, elektr-energiya va boshqa xizmatlar uchun to‘lovlar miqdori bir necha baravar (30–40 foiz) oshgan.

 

O‘zbekiston tomoni Saudiya bilan muzokaralar olib borgan. Natijada ziyoratchilar uchun iqtisodiy paket narxiga luks darajasidagi xizmat ko‘rsatishga erishgan va to‘lov uchun o‘rta narxni belgilagan.

 

Bundan tashqari, o‘zbekistonliklar joriy mavsumda birinchi marta Madina shahrida “Masjidi Nabaviy”dan 100 metr uzoqlikda joylashgan 5 yulduzli “Zam-zam Pullman” va “Kraun Plaza” mehmonxonalarida yashaydi. Makka shahrida esa “Abroj al-Hidoya” mehmonxonasiga joylashadi.

 

“Ayrim davlatlarda eng qimmat paketlar narxi 25 ming dollargacha etib belgilangan.

 

Yurtimiz ziyoratchilarining safar davomiyligi ham ayrim qo‘shni davlatlar ziyoratchilari singari 14–17–20 kun emas, balki 26 kunni tashkil etadi. Bu ham, tabiiy ravishda, narxlarga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi”, — deyiladi xabarda.

 

Shuningdek, joriy haj mavsumida Saudiya hukumatining qaroriga asosan, barcha to‘lovlar shirkatlar orqali emas, balki Saudiya Arabistoni Haj va umra vazirligining “Haj elektron portali” orqali belgilangan tartibda amalga oshirilgan. Ushbu portalda har bir davlat uchun alohida hisob raqami mavjud bo‘lib, barcha xizmatlar: mehmonxona, transport, mashoir va hokazolar uchun shu yerning o‘zida inson omilisiz shaffof holda amalga oshiriladi.

 

Mashoir (Mino, Arafot, Muzdalifa) xizmatlari ham sezilarli darajada ko‘tarilgan. Shunday bo‘lsa-da, iqtisodiy paket olingan va oldinlari taqdim etilmagan xizmatlar ko‘rsatishga erishilgan.

 

Jumladan, avvallari ziyoratchilar Mino vodiysida gilamda yotgan bo‘lsa, bu yil har bir hoji uchun maxsus yoyma to‘shaklar (matraslar) ajratiladi. Shuningdek, boshqa davlatlarda 3 mahal issiq ovqat berilmasa-da, o‘zbekistonlik ziyoratchilari uchun Mino va Arafotda ham 3 mahal issiq ovqatlar tortiq etiladi. Qolaversa, 24 soat davomida bepul tibbiy xizmat ko‘rsatiladi.

 

Oltinchidan, haj uchun to‘langan mablag‘ ichiga quyidagiar kiradi:

 

  • Haj vizasi;
  • aviabilet;
  • shaharlararo (Madina-Makka-Jidda) transport xizmati;
  • Madina shahrida “Zam-zam Pullman” va “Kraun Plaza” mehmonxonasi;
  • Madina shahrida Uhud tog‘i, Qubo va ikki qiblali masjidlarga ziyorat;
  • Makka shahrida “Abroj al-Hidoya” mehmonxonasi;
  • Mino, Arofat va Muzdalifa vodiylaridagi barcha xizmatlar;
  • 24 soat tibbiy xizmat;
  • hojilarning tibbiy sug‘urtasi;
  • 24 soat transport xizmati;
  • 3 mahal isiq ovqat: nonushta, tushlik va kechki ovqat;
  • haj qo‘llanmasi;
  • davlat ramzlari tushirilgan nimcha va sumka;
  • “zamzam” suvi (5 litr);
  • respublikaning 7 ta hududidan kuzatish va kutib olish;
  • Madinai munavvaraga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareys;
  • qurbonlik.

 

“Bu yil ziyoratchilarimizga yuqori darajada xizmat ko‘rsatish rejalashtirilgan. Buning uchun barcha kuch va imkoniyat safarbar etilgan.

 

Maqsad aniq — yurtdoshlarimizning haj amallarini ishonchli va xavfsiz tashkil etish hamda ibodatlari mukammal bo‘lishini ta’minlash”, – deyiladi xabarda

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//