Davlat rahbarlari Urganchdagi ekskavator zavodida boʻldi

Saqlash
02:39 / 04.06.2022 740 0

Tojikiston rahbari Emomali Rahmon Prezident Shavkat Mirziyoyev hamrohligida Urganch shahridagi “UzXCMG” qoʻshma korxonasiga tashrif buyurdi.

 

Oʻzbekiston va Xitoy hamkorligidagi ushbu korxona 2014-yilda tashkil etilgan. Loyihaning birinchi bosqichida qishloq xoʻjaligi texnikalarini yirik boʻgʻinli yigʻish, ikkinchisida sanoat usulida yigʻish, uchinchisida esa ishlab chiqarishni mahalliylashtirish yoʻlga qoʻyildi.

 

Hozirgi kunda bu yerda 13 xil ekskavator, 10 turdagi maxsus texnika ishlab chiqarilmoqda. Suv xoʻjaligi, qurilish va yoʻl taʼmirlash sohalari uchun oʻta zarur boʻlgan bunday texnikalar ilgari valyuta evaziga xorijdan keltirilar edi. Ehtiyot qismlar taʼminoti va servisda koʻp qiyinchiliklar bor edi.

 

Qoʻshma korxonaning ishga tushirilishi bu zaruratni hal etish bilan birga viloyatning iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish, yurtimizdagi irrigatsiya va melioratsiya tadbirlarini oʻz vaqtida bajarish imkonini bermoqda.

 

Shu kunga qadar korxonada xalqaro standartlar asosida 2 mingga yaqin maxsus texnika ishlab chiqarilgan. Mahalliylashtirish darajasi 50 foizdan oshgan. Endi mahsulotlarni chet elga, jumladan, qoʻshni mamlakatlarga eksport qilish rejalashtirilgan. Ekskavator va maxsus texnikalar buyurtma asosida ishlab chiqarilishi ham mumkin.

 

Tojikistonlik mehmonlar zavoddagi ish jarayonini, qishloq xoʻjaligi mashinalari va maxsus texnikalarni koʻzdan kechirdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//