Madaniyat
Olmazor tumanidagi “Qorasaroy” mahalla fuqarolar yig‘inida bunyod etilgan yangi kutubxona ochilishiga bag‘ishlab, “Kitob va kitobxonlik – inson ma’naviyati ko‘zgusi” mavzusida madaniy-ma’rifiy kecha tashkil etildi. Tadbir Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati hamda tuman hokimligi hamkorligida o‘tkazildi.
Unda olimlar, ziyolilar, bolalar yozuvchilari, shoirlar, el suygan san’atkorlar, nuroniy otaxon va onaxonlar, yoshlar ishtirok etdi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda kitobxonlikka qaratilayotgan e’tibor, yoshlarni kitobga mehrini oshirish borasidagi sa’y-harakatlarga to‘xtalib o‘tib, bunga yoshlarimiz ham munosib javob qaytarayotganliklarini e’tirof etishdi.
Jumladan, pedagogika fanlari doktori, professor, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi Oynisa Musurmanova mahallalarda bunyod etilayotgan ma’rifat o‘choqlari-kutubxonalar aholi ma’naviy olamini yanada boyitishga, farzandlarimizni ezgu g‘oyalar asosida, kitobga mehrli etib tarbiyalashda yaqindan ko‘mak berishini e’tirof etdi hamda ilmiy, badiiy, shu bilan birga tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan 10 dan ortiq turdagi kitoblar jamlanmasini kutubxonaga sovg‘a qildi.
Tadbir bahonasida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati tomonidan mazkur ko‘rkam va zamonaviy kutubxona fondiga yuzga yaqin nomdagi o‘zbek va jahon adabiyoti durdonalaridan iborat qariyb 1000 nusxa badiiy kitoblar sovg‘a qilindi.
Madaniy-ma’rifiy tadbirda “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zolari, pedagogika fanlari doktori, professor Zuhra Ismoilova, pedagogika fanlari nomzodi, dosent Musallam Abdujabborova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Alisher Otaboyev, Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatri aktyori Rasulxon Qodirxonov va Baxtiyor Ahmedov, kino aktrisasi Oydin Abdurahmonova, Yunus Rajabiy nomidagi maqom ansambli xonandalari Adolat Ismoilova hamda Rustam Mirminov, O‘zbekiston davlat Satira teatri aktyori Sherzod Boymurodov ishtirok etdi. Ularning chiqishlari madaniy-ma’rifiy tadbirga ko‘tarinki kayfiyat baxsh etdi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Dilshod Rajab esa o‘z ijodidan namunalar o‘qib berdi.
– Mahallamizda 1160 ta xonadonda 7 607 nafar aholi vakillari istiqomat qiladi, – deydi mahalla faoli Nigora Xolmatova. – Shundan 2000 nafardan ortig‘i 16 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan fuqarolardir. Shu mahallaning bir vakili sifatida biz yashayotgan go‘shada kutubxona tashkil etilganidan juda xursandman. Endi farzandlarimiz bo‘sh vaqtlarini unumli o‘tkazib, foydali mashg‘ulot bilan band bo‘lishadi.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, Olmazor tumanidagi o‘tkazilishi belgilangan bu kabi ma’naviy-ma’rifiy taro‘ibot tadbirlari joriy yilning yakuniga 12 ta yo‘nalish bo‘yicha tashkil etiladi. Shuningdek, 33 ta turli ma’naviy-ma’rifiy va madaniy tadbirlar doirasida 20 000 nafardan ortiq aholi qamrab olinadi. Tumanda tashkil etilayotgan har bir tadbir davomida aholi kayfiyatini ko‘tarish, hududda ijtimoiy-ma’naviy holatni yanada yaxshilash, yoshlarni milliy qadriyatlar asosida vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga alohida e’tibor qaratiladi.
Jamiyat
Madaniyat
Jamiyat
Jamiyat
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q