Qashqadaryoda 18 yoshli yigit harbiy xizmat vaqtida vafot etdi

Saqlash
20:57 / 03.06.2022 894 0

“Kun.uz” nashrida “Ikki oy oldin armiyaga kuzatilgan yigit yurak xurujidan oʻlgani aytilmoqda, marhumning yaqinlari bunga ishonmayapti” sarlavhali xabar eʼlon qilindi. Mudofaa vazirligi axborot xizmati ushbu holat yuzasidan munosabat bildirdi.

 

Qayd etilishcha, Qarshi shahridagi harbiy qismda xizmatni oʻtagan muddatli harbiy xizmatchining vafot etganligi holati yuzasidan bugungi kunda Qarshi harbiy prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda. “Mazkur holat natijasi haqida qoʻshimcha xabar qilinadi”, deyiladi unda.

 

Kun.uz nashrida keltirilishicha, “Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasida 18 yashar askarning oʻlimiga «yurakning surunkali ishemik kasalligi. Yurak gipertrofiyasi. Kardioskleroz. Aorta va yurak toj tomirlari aterosklerozi” sabab boʻlgani, ekspertiza tekshiruvi jarayonida marhumda “oʻtkir yurak va qon-tomirlari yetishmovchiligi, bosh miya va oʻpka shishi” koʻrinishidagi kasalliklar asoratlari aniqlangani qayd etilgan».

 

Biroq marhumning yaqinlari bunga ishonishmayapti. «Oʻlimining sababi sifatida yuragi, oʻpkasida kasali borligi, yana besh-oltita kasallar keltirilmoqda. Bular ikki oy ichida paydo boʻladigan kasalliklar emas. Agar unda oldindan shu kasalliklar boʻlganida tuman mudofaa ishlari boʻlimidagilar uni xizmatga joʻnatishmasdi. Avval oʻzimizning tumanda, keyin viloyatda tibbiy koʻrikdan oʻtdi. Hamma tekshiruvlari yaxshi chiqdi.

 

Askar yigitning otasi Rinat Sauletovning aytishicha, marhum farzandining jasadida momataloq izlari bor. Shuningdek, ota oʻgʻlining qovurgʻa suyaklari singanini ham aytmoqda. Biroq oʻlim haqidagi tibbiy maʼlumotnomada bular haqida maʼlumot yoʻq.

 

Marhum 28-may kuni onasi bilan qoʻngʻiroqlashgan va “ikki kundan beri komandirlari urmayotgani” haqida xursand boʻlib gapirib bergan. Maʼlum boʻlishicha, Ruslan komandirlar kaltaklayotgani haqida avval ham onasiga aytgan, shuningdek, harbiy qasamyod qabul qilganda uni koʻrishga borgan otasiga ham gap orasida bu haqda aytgan.

 

Biroq oʻzi ham harbiy xizmat mashaqqatlarini boshdan kechirgan ota oʻgʻliga: “Ayb oʻzingdadir, bekordan bekor urishmasa kerak”, deganidan soʻng bu mavzu yopilganini eslaydi. Ota-onaning taxminicha, farzandlarining jasadidagi momataloq izlari aynan kaltaklashlardan qolgan va ular Ruslanning vafotiga shu narsa sabab boʻlgan deb oʻylashmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//