Tadbirdan chiqarib yuborilgan jurnalist holati yuzasidan munosabat bildirildi

Saqlash
21:48 / 02.06.2022 780 0

30-may kuni Oʻzbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov xotirasiga bagʻishlangan tadbirda jonli efirning buzilishi ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab boʻlgan edi.

 

Ayrimlar jonli efir payti jurnalistni zaldan chiqarib yuborgan shaxs OAVga hurmatsizlik qilganini aytayotgan boʻlsa, baʼzilar jurnalistning oʻzi tadbirga xalal berib intervyu tashkil etganini taʼkidladi.

 

Xoʻsh, mutasaddilar bu holatga qanday baho berdi?!

 

Holat yuzasidan Oʻzbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon Oʻsarov munosabat bildirdi.

 

“Avvalambor jurnalist oʻzining professional faoliyatini amalga oshirgan. Bunday holatda tashkilotchilar OAV tadbirni erkin tasvirga olishi uchun maxsus joylar tashkil qilishlari kerak. Bizda esa bunga u qadar ahamiyat berilmaydi. Shu sababdan jurnalist va operatorlar uchun biroz noqulaylik tugʻiladi”, dedi uyushma raisi Olimjon Oʻsarov

 

Shuningdek, jurnalist oʻz sahifasida shoir oilasi bilan boʻlgan koʻngilsiz holat barham topganini maʼlum qildi.

 

“Bugun Vohidovlar oilasi bilan uchrashdik, vaziyatga yakun yasadik. Xuddi sizu men kutgandek ular oʻz familiyasi va sulolasiga xos madaniyat bilan javob qaytardilar. Men yutdim, deb doʻppimni osmonga otishdan yiroqman. Lekin aytilishi kerak boʻlgan gaplar aytildi. Vohidovlar bilan bu taxlit, koʻngilsiz vaziyatda yuzma-yuz tanishuvni istamagan boʻlardim, lekin shunday boʻldi. Shoirimiz va uning oilasiga nisbatan chuqur hurmatdaman”, degan jurnalist Dilrabo Akramova.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//