Antimonopoliya qoʻmitasi “buxanka” qimmatlashganiga munosabat bildirdi

Saqlash
03:59 / 02.06.2022 883 0

Xabaringiz bor, bugun, 1-iyundan Toshkentdagi oziq-ovqat doʻkonlarida qolipli nonni (“buxanka”) 2800 soʻmdan sotish boshlandi. Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi qolipli non narxi oshishiga munosabat bildirdi.

 

Qoʻmita tomonidan oʻtkazilgan tezkor oʻrganishlar natijasida qolipli non Toshkent shahrida eng yuqori – 2800 soʻm, Qashqadaryoda viloyatida eng past – 1650 soʻm, respublika boʻyicha oʻrtacha narx esa 2250 soʻm ekani aniqlangan.

 

Qayd etilishicha, un mahsuloti joriy yil iyun oyidan boshlab birja savdolariga yetarli miqdorda qoʻyilmoqda va bu jarayon ustidan doimiy nazorat oʻrnatilgan. Respublikada un mahsuloti zaxirasi shakllantirilgan boʻlib, narx navolarning keskin oshib ketmasligi uchun zarur miqdorda un savdolarga qoʻyib boriladi. Xususan, joriy yil iyun oyida 170 ming tonna un birjaga qoʻyilishi, bunda har bir non ishlab chiqaruvchi uchun teng sharoit yaratish maqsadida kichik lotlarda (3 tonnadan) qoʻyilmoqda. Joriy yil 1-iyun holatida 50,5 ming tonnadan ortiq un mahsuloti qoldigʻi mavjud boʻlib, avgust oyi uchun ham un ishlab chiqarish uchun korxonalarda zarur don zaxiralari mavjud.

 

«Shu oʻrinda aytib oʻtish lozimki, un mahsuloti realizatsiya qilinishining bozor tamoyillariga asoslangan mexanizmi joriy qilinishi, birinchi navbatda bugʻdoy yetishtiruvchi fermer va dehqonlardan tortib, ishlab chiqaruvchi va isteʼmolchilar manfaatini koʻzlab qilingan qadam boʻlib, ushbu jarayonda shaffof tizim yaratilishi bilan birga, respublikaning eng chekka hududlariga ham mahsulotning yetib borishi nazoratga olingan.

 

Shuni eʼtiborga olib, non ishlab chiqaruvchi va sotuvchilar hamda aholidan bu borada xavotirga tushmasliklarini, ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilayotgan asoslanmagan maʼlumotlarga ishonib, sunʼiy ajiotaj vujudga keltirmasliklarini soʻrab qolamiz», deyiladi antimonopoliya qoʻmitasi munosabatida.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//