Koʻp kvartirali uylar tekshiriladi

Saqlash
01:53 / 02.06.2022 895 0

Prezident tomonidan «Oʻzbekiston Respublikasining seysmik xavfsizligini taʼminlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi Farmon imzolandi.

 

Seysmologiya, inshootlarning seysmik mustahkamligini va seysmik xavfsizlikni taʼminlash sohalarida islohotlarning aniq manzilliligini taʼminlash, koʻrsatilgan sohalarga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini taʼminlash tizimini 2025-yilgacha takomillashtirish konsepsiyasi, shuningdek uning maqsadli koʻrsatkichlari va indikatorlari tasdiqlandi. Konsepsiya quyidagilarni nazarda tutadi:

 

  • zilzilalarning vujudga kelish mexanizmi va tabiatini tadqiq qilish mexanizmini takomillashtirish;
  •  
  • hududlarni seysmik mikrohududlashtirish boʻyicha onlayn-xaritalarni va turli darajadagi tektonik yer yoriqlarining oʻrta masshtabdagi xaritasini ishlab chiqish;
  •  
  • yakka tartibdagi uy-joylarning zilzilabardoshligini taʼminlash boʻyicha zarur choralarni koʻrish;
  •  
  • bino va inshootlar hamda suv omborlari toʻgʻonlarining zilzilabardoshlik darajasini doimiy kosmik monitoring qilish tizimini joriy etish;
  •  
  • avtomatlashtirilgan kompleks-prognostik stansiyalarni koʻpaytirish hisobiga respublika hududini toʻliq monitoring qilish imkoniyatini kengaytirish;
  •  
  • milliy seysmik kuzatuvlar tarmogʻining xalqaro seysmik kuzatuvlar global tizimiga kiritilgan stansiyalar bilan doimiy aloqalarini taʼminlash.
  •  

2022-yil 1-sentyabrdan boshlab respublikaning seysmik faol zonalarida yangi qurilishi rejalashtirilayotgan, xavflilik omili IV toifaga mansub boʻlgan obyektlarga zilzilabardoshlik boʻyicha xulosalar berish tartibi joriy etiladi.

 

Fanlar akademiyasi tomonidan respublikaning seysmik faol zonalarida joylashgan seysmik zaif ijtimoiy soha obyektlarining instrumental-texnik tekshiruvdan oʻtkazish roʻyxati shakllantirib boriladi.

 

2022-yil 1-oktyabrdan boshlab respublika hududidagi koʻp kvartirali uy-joylarni zilzilabardoshlik boʻyicha xatlovdan oʻtkazish boshlanadi, u ekspluatatsiya muddatini oʻtab boʻlgan seysmik zaif va avariya alomatlari aniqlangan koʻp kvartirali uy-joylar oʻrnida bosqichma-bosqich yangi uy-joylar qurish boʻyicha takliflarni mahalliy davlat hokimiyati organlariga kiritib borilishini nazarda tutadi.

 

2022 - 2025-yillar davomida Andijon, Toshkent, Guliston, Nurafshon, Namangan, Fargʻona, Samarqand, Jizzax, Buxoro, Navoiy, Qarshi, Termiz, Nukus va Urganch shaharlarining raqamlashtirilgan seysmik mikrohududlashtirish xaritalarini ishlab chiqish nazarda tutilgan.

 

Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 30.05.2022-yildan kuchga kirdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//