Jamiyat
Samarqand shahrida to‘ydagi ovqatdan zaharlanish holati qayd etilgani haqida xabar tarqaldi. Viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi axborot xizmati ovqatdan zaharlanganlar 19 nafar ekanini ma’lum qildi.
Aniqlanishicha, 2022-yil 26-may kuni Samarqand shahridagi “Yakkasaroy” to‘yxonasida o‘tkazilgan xatna to‘yida qatnashganlarning 19 nafari ovqatdan zaharlanish tashxisi bilan shifoxonalarga yotqizilgan.
Jumladan, Jomboy tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli yuqumli kasalliklar bo‘limiga “Olmazor” mahallasida yashovchi 11 nafar fuqaro, Bulung‘ur tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli yuqumli kasalliklar bo‘limiga “Yangiobod” mahallasida yashovchi 3 nafar fuqaro, Jomboy tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasiga qarashli “Zarafshon” QVPga “Olmazor” MFYda yashovchi 5 nafar fuqaro murojaat qilib, tobi yo‘qligini ma’lum qilgan.
“Dastlabki epidemiologik tekshiruv va surishtiruvlar natijasiga ko‘ra, barcha bemorlarda 2022-yil 27-may kuni ertalabdan ko‘ngil aynish, qayd qilish, qorin sohasida og‘riq, ich ketish va tana haroratining ko‘tarilishi kabi bir xil klinik belgilar kuzatilgan.
Zaharlanish sabablarini o‘rganish borasida bemorlar va to‘y tadbiriga qatnashganlar bilan o‘tkazilgan so‘rov-surishtiruvlarda fuqarolar o‘z kasalliklari boshlanishini Samarqand shahar “Farhod” qo‘rg‘onida o‘tkazilgan to‘y tadbirida iste’mol qilingan go‘shtli assorti mahsulotlari bilan bog‘liqligi aniqlandi”, — deyiladi mas’ul tashkiloti axborotida.
Aytilishicha, shifoxonada bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Bemorlar oshqozoni yuvilib, tozalovchi huqna qilingan va bemorlardan olingan biomaterial namunalari laboratoriya tahlili uchun Jomboy va Bulung‘ur tuman sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limlarining bakteriologiya laboratoriyalariga yuborilgan. Bemorlarda dezintoksikatsion hamda simptomatik davo muolajalari o‘tkazilgan.
Qo‘shimcha qilinishicha, to‘y tadbirida jami 350 nafarga yaqin fuqaro ishtirok etgan. Qatnashganlarni aniqlash borasida o‘tkazilgan uyma-uy ko‘rik va surishtiruvlarda Jomboy tuman Olmazor qishlog‘ida yashovchi 165 nafar fuqaro, Bulung‘ur tuman Changal qishlog‘ida yashovchi 30 nafar fuqaro va Jizzax shahri “Saroyli” MFY hududida yashovchi 7 nafar fuqaro to‘y tadbirida qatnashgani aniqlandi. Jizzax viloyatidan kelgan fuqarolar to‘g‘risida Jizzax viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasiga xabar qilingan va ular tomonidan o‘rganilganda 7 nafar fuqaroda kasallik belgilari aniqlanmagan.
“Bugungi kunda kasalxonadagi barcha bemorlarning holati ijobiy tarafga o‘zgardi. Davolash muolajalari muvofaqqiyatli yakunlanib, barcha bemorlar uy-uyiga javob berildi va ularning sog‘ligi kuzatuvga olingan. ‘Yakkasaroy’ to‘yxonasini vakolatli organ bilan kelishish tartibida tekshirish o‘tkazishga belgilangan tartibda buyurtma berildi. Shuningdek, mazkur holat yuzasidan Samarqand shahar bo‘yicha IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda”, — deyiladi rasmiy axborotda.
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q