O‘zbekiston 2050 yilga borib suv tanqisligi bo‘yicha qizil hududlar qatoriga kiradi

Saqlash
22:30 / 01.06.2022 863 0

31 may kuni AOKAda davlat rahbarining “Aholining ichimlik suv ta’minoti va oqova suv xizmatlari bilan ta’minlanganlik darajasini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyati yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. 

 

“O‘zsuvta’minot” AJ raisi o‘rinbosari Xurshid Rahmatullayev suv sifati va tarmoqlar holati bo‘yicha ma’lumotlar berarkan:

 

“Afsuski suv uzatish tarmoqlarimizning 60 foizi eskirib ketgan. Shunday quvurlarimiz borki, ulardan 40-50 yildan beri foydalanilyapti va ularga tegish mumkin emas, parchalanib ketadi. Lekin suv o‘tib turibdi. Biz ularga qanchalik toza va sifatli suv uzatsak ham quvur salbiy ta’sirini o‘tkazadi. Biz investisiyaviy dasturlar bo‘yicha, davlatimiz berayotgan yordam va o‘z mablag‘larimiz bilan yilma-yil tarmoqlarni yangilash dasturiga egamiz.

 

Suv sarfini nazorat qilish, isrofni kamaytirish bo‘yicha ham muammolarimiz bor. Chunki O‘zbekiston suv tanqis mamlakatlardan biri hisoblanadi. Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra O‘zbekiston hozir sariq hududda. Lekin biz yaqin yillarda qizil hududga tushib qolishimiz, suv tanqisligi 2 mlrd kub/metrdan oshib ketishi mumkin. Hisob-kitoblar 2050 yillarga borib bu yuz berishini ko‘rsatyapti. Biz buni kutib o‘tirmay, tejamkorlikni hozirdan yo‘lga qo‘yishimiz kerak. Bu masalada OAVning o‘rni katta, chunki aholiga isrofning oldini olish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borish zarur”, – dedi. 

 

Shuningdek, tadbirda 1345 ta mahallada suv ta’minoti og‘ir ahvolda ekanligi ma’lum qilindi. Bulardagi vaziyatni o‘nglash uchun byudjetdan bu yil 2 trln so‘m mablag‘ ajratilgan va 741 ta mahallada ishlar olib borilyapti. Respublika bo‘yicha eng og‘ir hudud Qashqadaryo – 43 foiz, keyingi o‘rinlarda Surxondaryo va Jizzax viloyatlari turadi, 60 foiz atrofida ta’minlangan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//