Iyun oyi qanday ob-havoni vaʼda beryapti?

Saqlash
00:50 / 01.06.2022 794 0

Bahor oyining oxiriga ham ozgina vaqt qoldi. Yilning eng issiq davri hali oldinda. Kelayotgan yoz fasli qanday boʻladi? U juda issiq boʻladimi? — degan savollar har yili yoz mavsumi boshida beriladi. Koʻpincha, aholi orasida va hatto baʼzi ommaviy axborot vositalarida yaqinlashib kelayotgan yoz anomal issiq boʻlishi haqida maʼlumotlar paydo boʻladi.

 

Bu haqida mutaxassislar nima deyishlari mumkin? Avvalo shuni taʼkidlash joizki, dunyoda butun mavsum kabi uzoq davr uchun ishonchli prognozlash usullari mavjud emas. Hozircha yozning boshlanishi — iyun oyi prognozi haqida gapirishimiz mumkin.

 

Oʻzgidromet tomonidan dunyoning yetakchi prognostik markazlari hisob-kitoblarini jalb qilgan holda tuzilgan dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, ushbu yilning iyun oyi oʻrtacha issiq boʻladi.

 

Iyun oyida oʻrtacha oylik harorat meʼyor atrofida, respublika shimoli boʻyicha baʼzi joylarda asosan meʼyordan 1-2° ga yuqori boʻlishi kutilyapti. Oy davomida respublikaning markaziy va sharqiy hududlarida kunduz kungi harorat 29-32° dan 36-39° gacha oʻzgarib turishi kutiladi. Respublikaning shimoliy, janubiy va choʻl hududlarida eng issiq davrlarda havo harorati 40-42° gacha koʻtariladi.

 

Soʻnggi 3 yil ichida iyun oyi qanday kechgan?

 

2019-yil iyun oyida Toshkentda havo harorati deyarli oy davomida 29-34atrofida qulay boʻldi va faqat oyning eng oxirida 35-37° gacha koʻtarildi.

 

2020-yil iyun oyida kunlar unchalik issiq boʻlmadi. Masalan, Toshkentda havo harorati faqat bir marta 40° ga yetgan.

 

2021-yil iyun oyida anomal issiq kuzatildi. Koʻpchilik viloyatlarda oʻtgan yilning iyun oyi Oʻzbekistonda meteorologik kuzatuvlar tarixidagi eng issiq, baʼzi joylarda esa juda issiq kechdi. Respublikaning ayrim hududlarida barcha meteorologik kuzatuvlar qatorlari boʻyicha iyun oyi uchun maksimal havo haroratining rekordlari oʻrnatildi.

 

Ushbu yilning iyun oyida yogʻingarchilik meʼyordan kam, markaziy va sharqiy hududlarda baʼzi joylarda meʼyor atrofida boʻlishi kutilyapti.

 

Umuman olganda, Markaziy Osiyoda yoz qurgʻoqchilik bilan ajralib turishiga qaramay, Oʻzbekistonda iyun oyida baʼzan mahalliy xususiyatga ega jadalligi biroz boʻlgan qisqa muddatli yomgʻirlar yogʻadi. 2019-yil iyun oyi boshida Toshkentda doʻl bilan juda kuchli yomgʻir yogʻdi. Turli hududlarda 2-3 soat ichida 20 mm dan 50 mm gacha yogʻingarchilik boʻldi, bu iyun oyining oylik meʼyoridan nisbatan koʻp boʻldi.

 

Respublikaning togʻ oldi va togʻli hududlarida iyun oyida kuchli jala yomgʻirlar yogʻishi eng xavfli deb hisoblanadi, chunki ular sel va suv toshqinlari oʻtishiga sabab boʻlishi mumkin.

 

Keyinchalik, yozning oxirigacha oʻrtacha harorat meʼyor atrofida va meʼyordan deyarli yuqori boʻlishi taxmin qilinyapti. Yoz anomal issiq boʻlmaydi, lekin juda issiq ob-havo davrlari, albatta, istisno qilinmaydi. Bu mamlakatimiz iqlimining oʻziga xos xususiyatlaridan biridir, deb xabar beradi Oʻzbekiston gidrometeorologiya xizmati markazi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//