Aholidagi tasviriy va amaliy sanʼat asarlari sotib olinadi

Saqlash
23:29 / 31.05.2022 837 0

1-iyuldan boshlab “Milliy merosga mening hissam!” umumxalq aksiyasi tashkil etiladi. Bu prezidentning 27-maydagi tegishli qarorida qayd etilgan.

 

Ushbu aksiya davomida aholidagi madaniy boyliklarni davlat muzeylari tomonidan qabul qilib olinadi.

 

Aksiya doirasida davlat muzeylariga madaniy boyliklarni, shu jumladan, mustaqillik yillarida yaratilgan, yuksak badiiy qiymatga ega boʻlgan tasviriy va amaliy sanʼat asarlari xarid qilinadi. Buning uchun 2022-yil 1-iyuldan boshlab har yili Madaniy meros jamgʻarmasiga Davlat byudjetidan madaniy meros va muzeylar sohasiga ajratilgan mablagʻlar hisobidan qoʻshimcha 3 milliard soʻmdan hamda hududlardagi tegishli davlat muzeylariga Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika byudjeti, viloyatlar viloyat byudjetlari va Toshkent shahri shahar byudjetidan 500 million soʻmdan mablagʻ ajratib boriladi. Amaliy talabni inobatga olingan holda ushbu mablagʻ miqdori oshirilishi ham mumkin.

 

OAV, Internet va ijtimoiy tarmoqlarda keng koʻlamda targʻibot-tashviqot ishlari hamda joylarda ekspeditsiyalar tashkil etiladi.

 

Madaniy boyliklarni aniqlash va davlat muzeylariga topshirishda faol ishtirok etgan aholi vakillarining namunali faoliyati keng targʻib etiladi hamda ular qoʻllab-quvvatlanadi.

 

Har yili davlat muzeylariga aholidan xarid qilib olingan madaniy boyliklar koʻrgazmasi tashkil etiladi hamda ular haqidagi maʼlumotlar Madaniy meros agentligi va tegishli davlat muzeyining rasmiy veb-saytiga majburiy tartibda joylashtirib boriladi.

 

Qaror bilan, shuningdek, “Moziyga sayohat” dasturi tashkil etiladi. Bunda taʼlim muassasalarining oʻquvchi va talabalari, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi vakillari, nogironligi boʻlgan shaxslar, keksalar va boshqa fuqarolarning muzeylar va mamlakatning tarixiy manzilgohlariga tashriflari amalga oshiriladi.

 

Dastur doirasida:

 

– davlat oliy taʼlim muassasalari talabalarining joylashtirish vositalarida turish xarajatlarining 50 foizgacha miqdori tegishli davlat oliy taʼlim muassasalarining byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan, taʼlim muassasalari oʻquvchilarining, nogironligi boʻlgan shaxslarning joylashtirish vositalarida turish xarajatlarining 50 foizgacha miqdori mahalliy byudjetning qoʻshimcha manbalari hisobidan qoplanishi mumkin;

 

– “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolar va nogironligi boʻlgan shaxslar davlat muzeylariga bepul kiritiladi;

 

– “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarning temir yoʻl chiptalari hamda joylashtirish vositalarida turish xarajatlari toʻliq hajmda tegishlicha “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” jamgʻarmalari hisobidan qoplanadi;

 

– davlat tashkilotlari va muassasalari tomonidan har yili kamida bir marta byudjetdan tashqari mablagʻlar, kasaba uyushmalari mablagʻlari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan oʻz xodimlari va ularning oila aʼzolari uchun muzeylarga kirish chiptalarini xarid qilish amaliyoti joriy etiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//