
Jamiyat
Joriy oyda ham aholiga yengillik yaratish maqsadida turli yangi qaror va farmonlar qabul qilindi. oyina.uz kutilayotgan oʻzgarishlarning barchasini oʻquvchilar uchun jamladi.
Ish haqi miqdori oshiriladi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ish haqi miqdorini oshirish toʻgʻrisida”gi Farmoniga koʻra, byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi miqdori 12 foizga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida:
• mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori – oyiga 920 000 soʻm;
• bazaviy hisoblash miqdori – oyiga 300 000 soʻm etib belgilanadi.
Xodimlarga mahalliy sayohat xarajatlarining bir qismi toʻlab beriladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, “Oʻzbekiston boʻylab sayohat qil!” dasturi doirasida:
• jamoa shartnomalariga ish beruvchilar tomonidan xodimlar uchun yiliga bir marotaba mahalliy sayohatga chiqish imkonini yaratish qoidalari kiritiladi;
• sayohat xarajatlarining bir qismi ish beruvchilarning byudjetdan tashqari jamgʻarmalari mablagʻlari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplab beriladi.
Tibbiyot xodimlarining oylik maoshlari oshiriladi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tibbiyot muassasalari xodimlarini moddiy qoʻllab-quvvatlash hamda ragʻbatlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-136-son Farmoniga binoan davlat tibbiyot muassasalari tibbiyot, farmatsevtika va boshqa xodimlarining oylik lavozim maoshlari:
• oliy va birinchi malaka toifalariga ega boʻlgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun – 15 foizga;
• ikkinchi malaka toifasiga ega boʻlgan va toifaga ega boʻlmagan, shuningdek, boshqa tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun – 10 foizga;
• tibbiyot muassasalarining boshqa xodimlari uchun – 15 foizga oshiriladi;
Bunda, tibbiyot muassasasi xodimlarining tarif stavkalarini hisoblash amaldagi mehnatga haq toʻlash razryadlari boʻyicha tarif koeffitsiyentlarini tegishincha 1,15 va 1,1 barobarga koʻpaytirish orqali amalga oshiriladi.
Ayrim yoshlar OTMga oʻqishga qabul qilishda test sinovlarida ishtirok etish uchun undiriladigan toʻlovlardan ozod etiladi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat xizmatlari koʻrsatishni soddalashtirish, byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish hamda davlat xizmatlari koʻrsatish milliy tizimini rivojlantirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan:
• “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida roʻyxatga olingan shaxslar va ularning farzandlari hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar OTMga oʻqishga qabul qilishda undiriladigan toʻlovlardan ozod etiladi;
• Markazlarda aholi va tadbirkorlik subyektlariga elektron davlat xizmatlaridan foydalanish uchun oʻziga oʻzi xizmat koʻrsatuvchi joylar tashkil etiladi;
• davlat xizmatidan foydalanishda undiriladigan toʻlovlarni Markazlarda joylashgan tijorat banklari shoxobchasidan naqd yoki naqd pulsiz shaklda amalga oshirganda ikki foizgacha boʻlgan tijorat bankining komissiya summasi uchun alohida toʻlov undirilmaydi (bundan davlat boji toʻlovlari mustasno);
• tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar davlat xizmatlarini koʻrsatish yoki boshqa maʼmuriy tartib-taomillarni amalga oshirish funksiyalari yuklatilgan tashkilotlarning mansabdor shaxslari va masʼul xodimlari davlat xizmatlari koʻrsatish sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlik uchun javobgar hisoblanadi.
38 turdagi davlat xizmatlarini YAIDXPda elektron raqamli imzo bilan tasdiqlash talab etilmaydi
Oilaviy poliklinikalarda ish vaqti uzaytiriladi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini aholiga yaqinlashtirish va tibbiy xizmatlar samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq:
• oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinika va tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalarida kunduzgi statsionar ish vaqti soat 20:00 ga qadar uzaytiriladi hamda ularda ishlovchi tibbiyot xodimlari uchun 2022-yil 1-iyundan boshlab qoʻshimcha ustama haqi belgilanadi;
• qon bilan bevosita ishlayotgan davlat tibbiyot muassasalari xodimlarini gepatit “V” kasalligiga qarshi bepul emlash amaliyoti joriy etiladi.
Volontyorlar elektron platformasi ishga tushiriladi
“Volontyorlik faoliyatini yanada qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan Oʻzbekiston yoshlar portali negizida yaratilgan volontyorlar elektron platformasi ishga tushiriladi.
Platforma quyidagilarni amalga oshirish imkonini beradi:
• volontyorlarning ijtimoiy ahamiyatga molik tadbirlar, loyihalar va aksiyalardagi ishtiroki, shuningdek, davlat organlari faoliyatiga koʻmaklashgan davrini qayd etib borish;
• volontyorlar guruhiga kiritilgan volontyorlarni hisobga qoʻyish;
• hududlar va faoliyat yoʻnalishi boʻyicha volontyorlik yordamini jalb qilishga qiziqish bildirayotgan davlat organlari roʻyxati hamda ularning tadbirlari, loyihalari va aksiyalarini joylashtirish;
• davlat organlarining volontyorlar bilan ishlashiga oid metodik tavsiyalarni joylashtirish;
• volontyorlik faoliyatini chet elda amalga oshirish.
Kasb-hunarga oʻqitilayotgan nogironligi boʻlgan shaxslarga nogironlik nafaqasi toʻlab beriladi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” qaroriga muvofiq:
• “Ishga marhamat” monomarkazlarida inklyuziv taʼlim asosida kasb-hunarga oʻqitilayotgan nogironligi boʻlgan shaxslarga nogironlik nafaqasi bilan bir vaqtda, Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida har oylik stipendiya toʻlab beriladi.
Soliq kodeksiga koʻra, ishlab chiqariladigan tamaki, alkogol, neft mahsulotlari va boshqa aksiz toʻlanadigan tovarlar va xizmatlarga nisbatan soliq stavkalari belgilandi.
Xotin-qizlarni davlat va nodavlat taʼlim muassasalarida davlat buyurtmasi asosida kasbga oʻqitishning yangi tartibi joriy etiladi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oila va xotin-qizlarni tizimli qoʻllab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi Farmoniga binoan, davlat va nodavlat taʼlim muassasalarida davlat buyurtmasi asosida xotin-qizlarni kasbga oʻqitishning yangi tartibi joriy etiladi:
• Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazlari huzurida malakani baholash markazlari tashkil etiladi;
• malakani baholash markazlari kasbiy malaka talablarini ishlab chiqadi va salohiyatli taʼlim muassasalariga davlat buyurtmasini beradi;
• oʻquv kurslarini tugatgan xotin-qizlar bilimi darajasi malakani baholash markazlari tomonidan aniqlanadi va shu asosda ularga malaka sertifikatlari beriladi;
• malaka sertifikatini olgan xotin-qizlarga mehnat faoliyatini boshlashi uchun oʻqish xarajatlariga teng miqdorda malakani baholash markazlari tomonidan subsidiyalar beriladi;
• malakani baholash markazlari tomonidan umumiy oʻrta taʼlim maktablari, kasb-hunar maktablari, akademik litsey va kollejlarning bitiruvchi sinf oʻquvchi-qizlarini axborot texnologiyalari yoʻnalishlarida qoʻshimcha kurslarda oʻqitish boʻyicha davlat buyurtmasi beriladi.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q