Jamiyat
Yoshlar ishlari agentligi qoshidagi Respublika yosh ijodkorlar kengashi tomonidan oʻtkazilgan “Duel” loyihasining 2020-yil mavsumi gʻolibi Jontemir Toshtemirov Qashqadaryo viloyati hokimi Murodjon Azimovga ijodkorlarni qoʻllashni soʻrab, ochiq xat yoʻlladi.
- Yaxshi bilasiz, biror millatni sanʼat ahli – ijodkorlarisiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Aynan ular (adiblar, rassomlar, musiqachilar...) sabab maʼnaviy dunyomiz boyib, tuygʻularimiz tarbiyalanib, tasavvur, tafakkurimiz oʻsadi. Deylik Qashqadaryoni ulugʻ shoirimiz Abdulla Orifsiz tasavvur qilib boʻladimi? U kishining nafaqat Qashqadaryo, butun mamlakatimizga yoygan maʼrifatining bahosi yoʻq. Rahmatli Muhammad Rahmon, Chori Avaz, Nazar Shukur, Poyon Ravshanovlarning xizmati ham ulkan va shu qatorda katta yozuvchilarimiz Neʼmat Arslon, Nazar Eshonqul, Temirpoʻlat Tillayev, Bahodir Abdurazzoq, Zebo Mirzo, Murod Chovushlarning ham oʻz oʻrni bor. Ular adabiyotimiz xazinasini bir-biriga oʻxshamas, yangicha va goʻzal asarlari bilan boyitib kelmoqdalar. Endi bu karvonga munosib yetishib chiqayotgan yoshlar ham borki, hali hech zamonda bir hududdan bunchalik koʻp isteʼdod chiqqan emas! Keling, ularni sizga tanishtiray.
Samariddin Sayyidzod, Bekzod Oʻktam, Azizbek Norov, Javlon Jovliyev, Jaloliddin Sayid, Bobur Elmurod, Bahodir Bahrom, Bayram Ali, Mansur Jumayev, Madina Norchayeva (Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibi), Najmiddin Ermatov, Xurshid Abdurashid, Suhrob Ziyo, Shahriyor Shavkat, Xoʻjayor, Nuriddin Rasulov, Shohjaxon Shodmon,... Bu hali men yaqindan tanigan, ijodi katta davralarda eʼtirof etilgan, yoshlar orasida oʻziga xos ovozi bilan ajralib turadigan isteʼdodlar. Qashqadaryo farzandlari! Niyatim yuqorida sanaganim yosh ijodkorlarning oʻn bosma taboqdan kam boʻlmagan hajmda alohida-aloxida kitoblarini kattaroq nusxada nashr etish va viloyatimiz boʻylab keng targʻib qilishda moliyaviy koʻmak bersangiz. Qolaversa, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 30.06.2020-yildagi PF-6017-son farmonining 15-bandi ijrosini ham taʼminlagan boʻlar edingiz. Deyarli hammalarining kitoblari tayyor. Toshkentdagi eng yaxshi, saviyasi baland nashriyot "Akademnashr«ga topshirilgan. Homiylik koʻrsatsangiz bas, kitoblar dunyo yuzini koʻradi. Ajab emas, homiyligingiz ostida bir necha Abdulla Oriflar yetishib chiqsa! Bu sharafli yordamingiz qoʻshni viloyatlar rahbarlariga ham oʻrnak boʻlardi.
Shoirning yozishicha, ochiq xat yoʻllashga sabab isteʼdodli ijodkorlar turmush tashvishlariga oʻralashib qolib, ijod bilan shugʻullana olishmayotgani, natijada yetishib kelayotgan yana bir adabiy avlodning yoʻqotilish xavfi.
“Bir isteʼdod vatanni butun boshli futbol jamoasidan koʻra koʻproq dunyoga tanita olishini buyuk adib Chingiz Aytmatov misolida koʻrishimiz mumkin. Qirgʻiziston deganda birinchi boʻlib Chingiz Aytmatov koʻz oldimizga keladi. Bu bejiz emas. Shunday buyuk adibni qoʻllab-quvvatlaganlar ham buyuklikda u kishidan kam boʻlishmagan. Negaki ular kelajakni koʻra bilganlar! Bizning yosh shoir-yozuvchilarimizning ijodiy quvvati ham havas qilarli darajada. Iymonim komil, ularga vaqtida eʼtibor qaratilsa, maishiy muammolarga oʻralashib qolishlarining oldi olinsa, hech shubhasiz jahonga chiqib ketishadi! Bitta misol, yaqinda bosmadan chiqib, shov-shov boʻlgan, koʻplab davlat mukofotlarini olgan, xalq mehrini qozongan “Qoʻrqma” romani muallifi Javlon Jovliyev ham Qashqadaryolik! Hozir “Qoʻrqma” desa, butun Oʻzbekiston biladi. Hatto qoʻshni davlatlar, xususan Afgʻoniston davlat mukofotini ham qoʻlga kiritdi bu asar. Yosh deyapmanu oʻttizga yetib qoldi koʻplari. Ish, uy, oila tashvishlari yelkasiga tushgan, ijod bilan yetarlicha shugʻullana olishmayapti. Ijodkor oʻz imkoniyatidan eng yuqori darajada foydalana olishi uchun istaymizmi-yoʻqmi, moddiy tomondan muammosi boʻlmasligi kerak. Viloyat yozuvchilar uyushmasiga emas, aynan Sizga murojaat qilayotganim sababi, bu masalani kechiktirib yo paysalga solib boʻlmaydi. 90 yilda adabiyotga gurullab kirib kelgan ijodkorlar aynan koʻmak boʻlmagani sabab yoʻqolib ketishdi. Hozirgi katta oqimni ham yoʻqotib qoʻyishni istamaymiz. Agar ularni saralab, alohida-aloxida xalqqa koʻrsatmasak, umumiy oqimga qoʻshilib, koʻzdan panada boʻshliqqa singib ketishadi. Aniq ishonaman, viloyat rahbari sifatida Siz bosh suqsangiz, muammo koʻz ochib yumguncha yechimini topadi. Boya aytganimdek, yuqorida tilga olingan yosh ijodkorlarning kitoblari tayyor. Nashrga berish, Sizni uyaltirmaydigan holda bosmadan chiqarishni oʻz zimmamga olaman. Faqat siz xayrixohlik qilib, moddiy tomonlama koʻmaklashsangiz bas. Hech ikkilanmay aytaman, bu kitoblar bilan bemalol koʻkrak kerib maqtanishimiz, viloyatimizning yuzi, deb istalgan katta davrada koʻz-koʻz qilishimiz mumkin boʻladi! Qashqadaryoni, vatanini, qadim, behad ulugʻ millatini va u yaratgan adabiyotni jonidan ortiq sevadigan bir yigitning soʻrovini beeʼtibor qoldirmaysiz degan umiddaman. Yordamingizni ayamang. Ishonchingizni oqlaymiz!”, degan shoir oʻz maktubida.
Ijodkorning ushbu murojaati ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan yakdillikda qoʻllab-quvvatlana boshladi. Post ostida viloyat hokimligi matbuot kotibi ochiq xatni nazoratga olishi va rahbariyatga kiritishini maʼlum qilgan.
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q