Yoshlarga salbiy taʼsir qiluvchi axborot tarqatgan OAV va Telegram-kanallarini maʼmuriy javobgarlikka tortish taklifi bildirildi

Saqlash
21:35 / 30.05.2022 815 0

Oʻzbekistonda 2021—2022-yillarda ommaviy axborot vositalari (OAV) va Telegram-kanallari behayolik, zoʻravonlik va diniy adovat qoʻzgʻatuvchi 18 mingdan ortiq axborot tarqatgani aniqlangan. Bu haqida Senatning 26- yalpi majlisida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xoʻjayev maʼlum qildi, deya xabar bermoqda “Daryo”.

 

Asadjon Xoʻjayevning aytishicha, agentlik yoshlar tarbiyasini buzadigan materiallar tarqatgani uchun OAV va Telegram-kanallarini ogohlantirib kelmoqda, ammo ularga maʼmuriy jazo qoʻllanmayotgani uchun bunday qonunbuzarlik holatlari davom etmoqda.

 

Ommaviy axborot vositalari va Telegram-kanallarda koʻplab zoʻravonlik, shavqatsizlik, maʼnaviy buzuqlik, pornografiyani targʻib qiluvchi materiallar tarqalyapti. Biz ularning egalarini aniqlamoqdamiz va tegishli ogohlantirish beryapmiz. Lekin keyingi koʻriladigan choramiz jiddiy emas. Yaʼni oʻsha materialni oʻchirish, cheklash yoki bunday holat qaytarilmasligi boʻyicha hech qanaqa sanksiyalar yoʻq. Maʼmuriy javobgarlik kodeksida ham bunday materiallar tarqatgani uchun maʼmuriy javobgarlik mavjud emas. Biz masʼullarga murojaat qilamiz, koʻrsatmalar kiritamiz. Lekin bundaylarning orqasida iqtisodiy sanksiyalar boʻlmasa, harakatlarimiz samarali natija bermayapti. Huquqbuzarliklar davom etmoqda. Shuning uchun, avvalo, ushbu masalada maʼmuriy javobgarlik belgilansa, yaxshi boʻlardi.

 

Bevosita veb-saytlarda yoshlarimizga yot boʻlgan, maʼnaviy-maʼrifiy va diniy adovatni qoʻzgʻatuvchi bir qancha qonunbuzarliklar aniqlandi. Masalan, 2021—2022-yillarda 18 mingdan ortiq shunday huquqbuzarlik holatlari aniqlangan. Shuningdek, pornografiya, zoʻravonlik, behayolik, narkoxizmatlarni targʻib qiluvchi 3 ming 134 ta xorijiy veb-saytlar borligi maʼlum. Maxsus idoralar bilan birgalikda ularni Oʻzbekiston hududiga kirish va foydalanish huquqini chekladik. Oʻzimizdagi veb-saytlarda ham bunaqa qonunbuzarlik holatlari boʻlib turibdi. Bu endi koʻpincha tushunmaslikdan va talablarning farqiga bormaslikdan yuzaga kelmoqda. Masalan, “uz” domenidagi 9 ming 500 ta veb-saytda behayolik, maʼnaviy buzuqlik, zoʻravonlik, shavqatsizlik, qimor, tavakkalchilik, alkogol va tamaki mahsulotlarini reklama qilish yoki ularni targʻib qiluvchi maʼlumot va axborotlar aniqlangan. Ular boʻyicha ham “Oʻzkomnazorat” va Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda tegishli choralar koʻrilmoqda.

 

Asadjon Xoʻjayev, AOKA direktori

 

Asadjon Xoʻjayevning taʼkidlashicha, telekanallar va boshqa OAVda videomateriallarga yosh toifalarining belgilari qoʻyilmasligi holatlari ham koʻp uchramoqda.

 

“2022-yilning oʻtgan 5 oyi ichida efirga uzatilayotgan 6 ta davlat, 3 ta nodavlat telekanalda 188 ta axborotda yoshga oid tasnif qoʻyilmagani aniqlandi. Bu tasniflar qoʻyilmasligi mutaxassislarning malakasi yetishmasligi, masalaning mohiyatiga uncha eʼtibor berilmasligi, deb koʻrsatilmoqda. Oʻtgan 5 oyda mazkur masalada 33 ta koʻrsatma va ogohlantirish xatlarini berganmiz. Teleradiokanallarda tashkil etilgan badiiy kengashlar koʻrsatuvlarni efirga uzatish, shu jumladan, tasniflash choralarni ham koʻrishi kerak. Afsuski, ular oʻzlariga yuklatilgan vazifalarni toʻlaqonli bajarmayapti. Biz qonunchilik boʻyicha eʼtiborni qaratamiz, koʻrsatmalar beramiz. Lekin tan olish kerak, qonunchilikda bu masalada ham maʼmuriy javobgarlik belgilanmagan”, — dedi agentlik rahbari.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//