Siyosat
Kuni kecha Shavkat Mirziyoyev raisligida sport sohasiga bagʻishlangan videoselektor boʻlib oʻtgan edi. Unda aholi oʻrtasida sportni targʻib qilish, keng jamoatchilikni sport bilan shugʻullanish koʻrsatkichini oshirish boʻyicha ham masʼullarga tegishli topshiriqlar berildi, deya xabar bermoqda huquqshunos bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev.
«Shu haqida kanalimda post chiqarganimdan keyin, koʻpchilikdan toʻxtab qolgan 1hls loyihasi qachon ishga tushishi haqida savollar kelib tushdi. Savollarga javob tayyorlayotgan paytim kutilmaganda bir syurprizga koʻzim tushdi.
Tadaaaam: piyoda yurgan fuqarolarni moddiy ragʻbatlantirishga oid Prezident farmoni bandi 1 yarim oy oldin, aniqrogʻi 2022-yil 6-apreldagi PF-98-sonli Prezident farmoni bilan bekor qilib yuborilgan ekan!
Ana syuprizu, mana syurpriiiiz. Ana kir yuvadigʻon moshinayu, mana tilbizooor.
Yuz minglab fuqarolarga taalluqli loyiha bekor qilinar ekanu, lekin 1 yarim oydan buyon bu haqda Sportni rivojlantirish vazirligi lom-mim deb izoh bermas ekan, qoyil, mana ochiqligu, ana ochiqlik. Yoki izoh berildiyu, men koʻrmay qoldimmi? Unda oldindan uzr.
Oʻzi joriy yil boshida, aniqrogʻi 15-yanvar kuni PF-6099-sonli Prezident farmoniga oʻzgarish kiritilib, har kuni 10 ming qadam piyoda yurganlarga 3 ming soʻm berish tizimi toʻxtatilgandi. Oʻsha paytda yangi tizim joriy qilinib, har hafta 100 mln soʻm va mingta velosiped berilishi vaʼda qilingandi.
Oradan 3 oy oʻtar oʻtmas, Prezident farmoniga yana bir marta oʻzgarish kiritilib, endi piyoda yurganlarni ragʻbatlantirish tizimi butunlay chiqarib tashlandi.
Faqat meni bir narsaga sira aqlim yetmayapti. Bu tizimni bekor qilishning joʻyali va asoslangan konkret sababi nima? Bunaqa taklifni ishlab chiqqan va yuqori rahbariyatni ishontira olgan Sportni rivojlantirish vazirligining maqsadi nima boʻlgan oʻzi?
Shaxsan menda 2 ta variant bor:
Birinchisi, byudjetda pul yetmay qolgan. Ammo bu ishonchsiz variant. Sportga trillionlab pul sarflanayotgan bir paytda piyoda yuradigan aholiga berish uchun yiliga taxminan 100 mlrd soʻm pul topilmasligi uyat.
Ikkinchisi, yangi tashkil etilgan Sportni rivojlantirish vazirligi rahbariyati bunaqa tizim uchun boshini qotirib, oʻzini qiynagisi kelmagan va tinchgina uni butunlay bekor qilib qoʻya qolishni afzal bilgan. Bu variant birinchisidan ham uyatliroq.
Chunki piyoda yurganlarga pul berish tashabbusi shaxsan Shavkat Mirziyoyevga tegishli edi. Prezident bir necha bor yigʻilishlarda ushbu tizim boshqa davlatlarda yoʻqligi, tizim oʻzini oqlayotgani, aholini shu orqali piyoda yurishga oʻrgatib, salomatlik bilan bogʻliq koʻplab muammolarga yechim topish mumkinligini taʼkidlagandi.
Kimlarnidir ishlagisi kelmagani uchun, yoki aholiga berishga yiliga qanchadir mablagʻ topilmagani uchun Prezident tashabbusi oʻz-oʻzidan, jamoatchilikka hech bir izoh va tushuntirish bermasdan bekor qilib yuborilaveradimi?
Shahar shunchalik bedarvozami», deya tanqil qilgan bloger.
Xushnudbek ushbu mavzuni davom ettiradi. Unga koʻra, Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning Telegram kanalida 2021-yil 9-noyabrdagi videoselektorda Shavkat Mirziyoyev yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olishda eng muhim omil sogʻlom turmush tarziga amal qilish ekaniga alohida eʼtibor qaratgani, “Sogʻlom turmush tarzi” platformasida foydalanuvchilar soni 600 ming nafarga yetgani, Moliya vazirligiga kelgusi yilda bu boradagi targʻibot ishlarini kuchaytirish va platformadan foydalanuvchilar koʻlamini yanada kengaytirishga qoʻshimcha 60 milliard soʻm ajratishga koʻrsatma berilgani maʼlum qilingan.
«Lekin amalda nima boʻldi:
2022-yil 15-yanvarda piyoda yurgan aholiga pul berish toʻxtatildi, bunga sabab yangicha ragʻbatlantirish tizimiga oʻtish ekanligi aytildi.
2022-yil 6-aprel kuni ushbu tizim butunlay bekor qilindi.
Iya, yurtimizda yurak-qon tomir kasalligi ustidan mutlaq gʻalaba qozonildimi shunda? Boʻldimi, endi odamlar piyoda yurmasa ham boʻladimi, ularga kasallik yaqinlashmaydimi?
Xullas, nima boʻldi? Kimdir mundoq bir yotigʻi bilan tushuntiradimi», deydi u.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q