Siyosat
25-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida maktab taʼlimidagi islohotlarning borishi muhokama qilindi.
Maʼlumki, yaqinda, davlatimiz rahbarining 11-maydagi farmoni bilan 2022-2026-yillarda xalq taʼlimini rivojlantirish boʻyicha milliy dastur tasdiqlandi. Unda ilgʻor xorijiy tajriba asosida taʼlim sifatini oshirish, oʻqituvchilik kasbining nufuzini yuksaltirish, inklyuziv taʼlimni rivojlantirish, oʻquvchilarni kasbga yoʻnaltirish, infratuzilmani yaxshilash, sohani raqamlashtirish boʻyicha dolzarb yoʻnalishlar belgilangan. Bu yoʻnalishlarning har biri oʻnlab aniq vazifalardan iborat. Ular har bir tuman va shahar kesimida ishlab chiqilgan “yoʻl xaritalari” asosida amalga oshirilmoqda.
Yigʻilishda xalq taʼlimi vaziri shu boradagi ishlar va kelgusi oʻquv yiliga moʻljallangan rejalar toʻgʻrisida hisobot berdi.
Avvalo, yangi milliy dasturni taʼlim jarayoniga joriy etish masalalari koʻrib chiqildi. Xususan, bu yil 3, 6, 7 va 10-sinflar uchun, 2023-2024-yillarda 4, 5, 8, 9 va 11-sinflar uchun darsliklar, mashq daftarlari hamda oʻquv qoʻllanmalari yaratilishi belgilangan.
Davlatimiz rahbari buning uchun xorijiy ekspertlar va tadqiqotchilardan iborat ishchi guruhini shakllantirib, darsliklarni sifatli tayyorlash zarurligini taʼkidladi.
Milliy dasturda oʻqituvchilarning jamiyatdagi nufuzini oshirish masalasiga alohida eʼtibor qaratilgan. Bu yuksak bilim va mahoratli, zamonaviy kadrlar tayyorlashni taqozo etadi. Shu maqsadda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti hamda uning huzuridagi taʼlim va ilmiy tashkilotlar Xalq taʼlimi vazirligi tasarrufiga oʻtkazildi.
Yigʻilishda pedagogik taʼlimni transformatsiya qilish, universitetga qabulni takomillashtirish, ilmiy salohiyatni oshirish va oʻqishni amaliyot bilan bogʻlash boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Oʻqituvchilarning kasbiy mahoratini oshirish va ularni yangi metodikaga oʻrgatish haqida soʻz borar ekan, Abdulla Avloniy nomidagi milliy tadqiqot instituti faoliyatini kengaytirib, uni hududlardagi pedagogika oʻquv yurtlari bilan uzviy bogʻlash zarurligi taʼkidlandi. Kelgusi oʻquv yilidan boshlab kimyo, biologiya, fizika va matematika oʻqituvchilari uchun kasbiy sertifikatlash tizimi yoʻlga qoʻyilishi belgilandi.
Prezidentimiz maktab direktorlarini toʻgʻri tanlash, ularning kasbiy va boshqaruv mahoratini rivojlantirish masalasiga alohida toʻxtaldi. Taʼlim bilan birga tarbiya ham muhimligini taʼkidladi.
– Maʼnaviyat maktabdan boshlanadi. Maktablarda taʼlim sifatiga qanday eʼtibor bersak, maʼnaviyatga ham shunday eʼtibor berishimiz kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu maqsadda oʻquvchilarning dunyoqarashi va iqtidorini oshiradigan, turli yoshdagi sinflar uchun moʻljallangan maʼnaviyat kitoblari yaratish boʻyicha tavsiya berildi.
Maktabdan tashqari taʼlimni rivojlantirish masalasiga ham toʻxtalib oʻtildi. “Barkamol avlod” maktablari faoliyati va infratuzilmasini yaxshilash boʻyicha besh yillik dastur ishlab chiqish, ularda “STEAM” yoʻnalishlari boʻyicha toʻgaraklar tashkil etish vazifasi qoʻyildi.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q