«Butun dunyoda konstitusiyaviy islohotlar sharpasi kezib yuribdi» – Akmal Saidov

Saqlash
23:10 / 24.05.2022 760 0

Hozir dunyoda konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritmagan birorta davlat qolmadi. Bu haqda 24-may kuni Konstitutsiyaviy komissiya raisi Akmal Saidov “Inson qadri” onlayn platformasi va “2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi” to‘plami taqdimotida so‘zlagan nutqida aytib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Daryo” nashri.

 

Uning aytishicha, Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston parlamenti uchun qonun ijodkorlik dasturini yaratib bergan.

 

Men raqamlarga murojaat qilaman. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 13 ta tubdan yangi qonun, 12 ta yangi kodeks, 25 ta Milliy strategiya, davlat dasturlarini qabul qilish ko‘zda tutilgan. Mana sizga qonun ijodkorligi uchun keng ko‘lamli dastur. Biz endi buni 5 yil davomida bosqichma-bosqich bajarib borishimiz kerak. Mana shu parlamentsiz “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” bajarilmaydi. Parlamentsiz 100 ta maqsadni huquqiy asoslanmasdan bajarib bo‘lmaydi. Bu parlamentning roli juda katta. Nafaqat qonun ijodkorligi, albatta, qonunlarni muhokama qilishda biz jamoatchilik muhokamalaridan, jamoatchilik nazoratidan keng foydalanishimiz kerak.

 

Endi bitta narsa, boyagi kitobning birinchi nashri bilan ikkinchi nashrida jiddiy farq bor. Bu birinchi nashrda bo‘lmagan bo‘lim — konstitutsiyaviy islohotlar ikkinchi nashrda qo‘shildi. Saylovchilar bilan bo‘lgan uchrashuvda, Bo‘zatovda bo‘lgan uchrashuvda, Senat a’zosi, qoraqalpog‘istonlik professor olima ayolimiz aytdiki, “Orol fojiasini his qilib turibmiz, nima uchun konstitutsiyada bitta ekologik hudud degan so‘z yo‘q, nima uchun mana shunday Orol muammosiga munosabat yo‘q, balki vaqti kelgandir konstitutsiyamizni yana bir marta ko‘rib chiqsak”, degan chaqiruv bilan chiqqandi. Shundan keyin 7-8 ta viloyatda oddiy fuqaro, oddiy fermer taklif bilan chiqdi. Oddiy fermer chiqib, “muhtaram prezident, xorijiy hamkorlarim faqat siz bo‘lganingiz uchun kelyapti. Sizga ishonishadi. Lekin ko‘p uzoqqa mo‘ljallasang, yeringni davlat tortib olishi mumkin, kafolating yo‘q-ku, shuning uchun konstitutsiyada yerni xususiy mulkka mustahkamlasa, hamma ishonadi, deb aytdi hamkorim”, dedi. Shundan keyin prezidentimiz o‘ylab ko‘radigan katta masala konstitutsiyaviy islohotlar ekan, hech xayolga kelmabdi, deb aytdi. “Milliy tiklanish” partiyasini teledebatlarida “qachon biz milliy qadriyatlarni qat’iy mustahkamlaymiz”, deb chiqishdi. Boshqa partiyalar ham o‘z yo‘nalishida konstitutsiyaga yaqin bo‘lgan tashabbuslar bilan chiqdi. Shularning hammasini hisobga olib Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida alohida bo‘lim kiritdilar, “konstitutsiyaviy islohotlarni qo‘llab-quvvatlaymiz”, degan.

 

Xabaringiz bor, 20-may kuni Qonunchilik palatasida qo‘shma majlislar bo‘ldi, konstitutsiyaviy komissiya tashkil etildi. Bu ham o‘ylaymanki butun jamiyatimiz oldida turgan, bizning xalqaro hamkorlar bilan birgalikda o‘rganilayotgan masala bu. Karl Marks va Fridrix Engelsning “Kommunistik partiya manifesti”ni juda yaxshi o‘rganganman. Uning birinchi jumlasida aytiladiki: “Yevropada kommunizm sharpasi kezib yuribdi”, deb. Men shuni sal boshqacha qilib aytardim, hozir butun dunyoda konstitutsiyaviy islohotlar sharpasi kezib yuribdi. So‘nggi 25 yilda 100 dan ortiq davlatda konstitutsiyaviy islohotlar bo‘ldi. Faqatgina XXI asrda 57 ta davlatda konstitutsiya qabul qilindi. Hozir dunyoda birorta davlat qolmadiki, unga o‘zgartirish kiritilmagan bo‘lsa. Hatto AQSHda ham 27 ta katta-katta o‘zgartirish kiritilgan.

 

Akmal Saidov, Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikeri birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazi direktori, Konstitutsiyaviy komissiya raisi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//