Katta yoshli erkak 17 yosh qizga tegajog‘lik qilish maqsadida ta’qib etdi

Saqlash
20:43 / 23.05.2022 859 0

Ijtimoiy tarmoqlarda yosh qizga nisbatan erkak kishi tegajog‘lik qilgani haqida xabarlar tarqaldi. Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi holatga munosabat bildirdi.
 

Qayd etilishicha, 17 may kuni soat 14:00 atrofida Yunusobod tumanida K.M. (17 yoshli) uyiga qaytayotganida erkak kishi orqasidan kelayotganini payqab qolgan. K.M. qadamlarini tezlatgan va uyi yo‘lagiga yugurib kirgan, erkak ham uning orqasidan kirgan. Qiz baqirib yuborgan, shundan so‘ng erkak noma’lum tomonga qochib ketgan.

 

Hozirda mazkur fakt yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda. Natijalari bo‘yicha qonuniy chora ko‘riladi.

 

Voqea jabrlanuvchisining «Nemolchi»ga ma’lum qilishicha, gumonlanuvchining taxminiy yoshi 50 atrofida.

 
«Uyim yaqinidagi do‘kondan qaytayotganimda birdan ortimdan kuzatib kelayotgan erkakni payqadim. Xavotirlana boshladim, ammo tezroq uyimga yetib olishga harakat qildim. Ko‘p qavatli uyning kirish eshigi oldigacha taqib qildi. Xayolimda balki bu qo‘shnilarning tanishidir, degan fikr keldi, ammo keyingi harakatlardan nimadir boshqacha ekanini payqadim.

 

Zinalar bo‘ylab ko‘tarilayotgan paytim erkak menga hujum qildi, tanamning pastki qismidan ushlab, ortga tortqilay boshladi. Baqirishni boshladim, orqaga qayrilib, uni ura ketdim. Hammasi birinchi qavatning o‘zidayoq sodir bo‘ldi.

 

U birdan qo‘lidagi paketlarni tashlab, qochib qoldi. Videodan ko‘rish mumkin, men tashqariga yugurib chiqib, qo‘shnilarni yordamga chaqirdim. Qo‘rqqanimdan yig‘lab yubordim.

 

O‘sha kuniyoq inspektorning oldiga bordim, ammo u ish joyida yo‘q ekan. Meni mahalladagi kameralarni ko‘rishga jo‘natishdi. Kameralarning birini chang to‘sib qolgan ekan. Boshqasi qo‘shnilardan birining kuzatuv moslamasi bo‘lib, menga holat aks etgan videolavhani berishdi», — deydi qiz.

 

Uning aytishicha, u holat yuzasidan arz qilish mobaynida organlarning qanchalik darajada «qattiq» ishlashini tushungan.

 

Qiz fuqarolardan biror kim gumonlanuvchini tanisa, xabar qilishini so‘rab, barchani ogohlikka chaqirgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//