“Ma’naviyat festivali”ni o‘tkazish masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo'lib o'tdi

Saqlash
22:54 / 20.05.2022 1262 0

Kecha, 19-may kuni O‘zbekiston tasviriy san’at galereyasida “Ma’naviyat festivali”ni o‘tkazish masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi. Unda ma’naviyat fidoyilari, ziyolilar, olimlar, san’at arboblari, kino namoyandalari hamda hamkor vazirlik va idoralardan vakillar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

 

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov ma’naviy-ma’rifiy ishlarni sifat va mazmun jihatdan yangi bosqichga olib chiqish, yurtdoshlarimiz, avvalo, yoshlar qalbida amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik hissini kuchaytirish muhimligini ta’kidladi:

 

 

 

– “Ma’naviyat festivali” milliy ma’naviyatimizni mustahkamlashning muhim shartlaridan biridir. Bu masalaga muayyan guruhning, sinfning manfaatlaridan, dunyoqarashidan va mafkurasidan kelib chiqib yondashish mumkin emas. Shu bois davlatimizning ta’lim-tarbiya va madaniy-ma’rifiy siyosati asosida har bir fuqaroda yuksak ma’naviy ehtiyojlarni shakllantirish va o‘stirish muhim ahamiyat kasb etmoqda. “Yangi O‘zbekiston – ma’rifatli jamiyat sari” shiori ostida o‘tkaziladigan “Ma’naviyat festivali” doirasida 14 ta hududda 18 ta ijtimoiy loyiha tadbirlari amalga oshiriladi, ilm-fan, madaniyat, san’at, adabiyot va badiiy ijod kabi soha vakillaridan iborat 500 dan ortiq “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zolari jalb etiladi.

 

 

 

Festival doirasida “Uchinchi Renessans – ma’rifatli jamiyat sari” mavzusida konferensiya, aholi, ayniqsa, yoshlar orasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilishga qaratilgan “Ma’rifat ulashib”, “Qadrdon maktabimga kitob sovg‘a qilaman” aksiyalari, “Yangi Uyg‘onish davri kitob va kutubxonalardan boshlanadi” shiori ostida kitob ko‘rgazmalari, yozuvchi va shoirlar bilan ijodiy uchrashuvlar, “Ma’rifat soatlari”, “Milliy qadriyatlar” haftaligi, yurtimizda farzandlari turli sohalarda katta yutuqlarga erishgan, xalqaro fan olimpiadalari va sport musobaqalarida yuqori o‘rinlarni egallagan yoshlar va ularning ota-onalari ishtirokida “Mening farzandim – O‘zbekiston faxri!” shiori ostida respublika anjumani ham bo‘lib o‘tadi.

 

O‘zbek musiqa san’atining ko‘p asrlik ijro yo‘llari, qadimiy tarixi, noyob san’atini keng targ‘ib qilish, aholi kayfiyatini ko‘tarishga qaratilgan “Milliy qo‘shiqlar va maqom”, “Vatan madhi”, “Baxshilar tarannumida” nomli konsert dasturlari, mahallalarda sog‘lom ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, oilaviy ajrimlarni oldini olish, erta nikoh kabi illatlarga barham berishni maqsad qilgan “Oila – ma’naviyat qo‘rg‘oni” nomli psixologik suhbatlar tashkil etiladi. Shu bilan birga yurtimizda imkoniyati cheklangan bo‘lsada, foydali mehnat bilan shug‘ullanib, jamiyatda munosib o‘rin topgan hamda o‘sib kelayotgan yosh avlodga o‘rnak bo‘layotgan yurtdoshlarimizning erishgan yutuqlarini targ‘ib etish maqsadida “Inson qadri” shiori ostida ijtimoiy roliklar tayyorlanadi hamda “Mehr-muruvvat va saxovat” tadbirlari, “Ziyolilar forumlari”, jismonan sog‘lom avlodni shakllantirish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida turli sport yo‘nalishlari bo‘yicha ma’naviy-ma’rifiy tizimda faoliyat yuritayotgan mutaxassislar o‘rtasida “Ma’naviyat kubogi” sport musobaqalari o‘tkaziladi. Festival doirasida “O‘zbekiston qahramonlari” hamda “Ma’naviyat. Asosiy tushunchalar lug‘ati” kitoblarining taqdimoti ham tashkil etiladi. Shuningdek, “Baxtli bolalik sharafiga” loyihasi davomida “Temir daftar”, “Ayollar daftari”ga kiritilgan oilalarning bolalari uchun konsert dasturlari hamda ularni qiziqtiradigan turli ko‘ngilochar o‘yinlar bo‘lib o‘tadi.

 

Anjuman davomida Vazirlar mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bo‘lim boshlig‘i Farida Abdurahimova, falsafa fanlari doktori, professor Jamila Shermuhammedova, O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi direktori Jannat Ismoilova, O‘zbekiston xalq artistlari Gavhar Zokirova va Dilorom Karimova so‘zga chiqib, o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi.

 

 

 

Tadbir davomida o‘zbek milliy kulolchilik namunalari ko‘rgazmasi ham bo‘lib o‘tdi. Unda g‘ijduvonlik usta Ibodulla Narzullayev hamda uning farzandlari, kulolsozlarning oltinchi avlod vakillarining ijod namunalari namoyish etildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//