Tugʻilish, nikoh va oʻlim maʼlumotlari saqlanadigan Shajara tizimi joriy etilishi mumkin

Saqlash
17:36 / 21.11.2025 38 0

21-noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev intellektual mulk, arxiv ishi va yuridik taʼlim sohalarini isloh qilishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.

 

Taqdimotda sohani yanada rivojlantirish rejalari koʻrib chiqildi. Jumladan, Butunjahon intellektual mulk tashkiloti bilan hamkorlikda Intellektual mulk sohasini rivojlantirish milliy strategiyasini ishlab chiqish koʻzda tutilgan.

 

Rejaga koʻra, patent va guvohnomalarga oʻzgartirish kiritish jarayonlari soddalashtiriladi, 5 ta kompozit va 4 ta proaktiv xizmat koʻrsatish yoʻlga qoʻyiladi. Shuningdek, intellektual mulkdan foydalanish holati Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingida inobatga olinadigan tartib joriy qilinadi.

 

Barcha oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida patentlash, ishlab chiqarishga kiritish hamda tijoratlashtirishga koʻmaklashish markazlarini ochish, dastlab Milliy universitetda, keyinchalik yana 4 ta oliygohda “Intellektual mulk obyektlari menejmenti” yoʻnalishini tashkil etish koʻzda tutilgan.

 

Ijodkorlar va mutaxassislarni ragʻbatlantirish maqsadida har yili 5 ta nominatsiya boʻyicha “Eng yaxshi intellektual mulk obyektlari” tanlovini oʻtkazish taklif qilindi. “Intellektual mulk sohasini rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun” maxsus koʻkrak nishoni taʼsis etilib, 26-aprel – Butunjahon intellektual mulk kunida topshirib borilishi belgilandi.

 

Milliy geografik koʻrsatkichlar tizimini mustahkamlash muhimligi qayd etildi. Yetmishga yaqin geografik koʻrsatkichni roʻyxatdan oʻtkazish, Lissabon tizimiga aʼzo boʻlish orqali milliy mahsulotlar qiymatini va eksport salohiyatini oshirish muhimligi taʼkidlandi.

 

Arxiv ishini modernizatsiya qilish masalalari muhokama qilinar ekan, bugungi kunda yurtimiz arxivlarida 16 millionta hujjat toʻplami, shu jumladan, 1,3 millionta alohida qimmatli va noyob hujjatlar saqlanayotgani qayd etildi. Buxoro amiri qushbegisi mahkamasi va Xiva xonligi devonxonasi hujjatlari YUNESKOning “Jahon xotirasi” roʻyxatiga kiritilgan.

 

Shu bilan birga, hujjatlarni raqamlashtirish surʼati yiliga atigi 2 foizni tashkil qilmoqda. 2030-yilga qadar arxiv fondining raqamlashuv darajasini 60 foizga yetkazish, alohida qimmatli va noyob hujjatlarni toʻliq raqamlashtirish zarurligi qayd etildi.

 

Buning uchun sohadagi axborot tizimlarini Yagona milliy arxiv axborot tizimiga birlashtirish, hujjatlarni radiochastotali identifikatsiya (RFID) texnologiyasi orqali hisobga olish va onlayn kuzatish tizimini joriy etish, hujjatlarni tasniflash va tanish jarayoniga sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy qilish rejalashtirilgan. Tuman (shahar) arxivlarining vazifalari hududiy arxiv boshqarmalariga oʻtkaziladi.

 

“Shajara” axborot tizimini yoʻlga qoʻyish taklifi bildirildi. Yangi xizmat foydalanuvchilarga oʻz shajarasini yaratish, tugʻilish, nikoh va oʻlim haqidagi maʼlumotlarni, genetik maʼlumotlar asosida uzoq qarindoshlarini izlash imkonini yaratadi.

 

Yuridik taʼlim va fanni yanada isloh qilish masalalari koʻrib chiqildi.

 

Toshkent davlat yuridik universitetida klinik va dual taʼlimni joriy qilish rejalashtirilgan. Talabalarning amaliyot darslari ulushi 50 foizga yetkaziladi, fuqarolik, jinoyat va biznes huquqi yoʻnalishlarida yuridik klinikalar tashkil etiladi. Zamonaviy huquq talablaridan kelib chiqib, “Raqamli huquq” va “Korporativ huquq va boshqaruv” kabi yangi taʼlim yoʻnalishlari ochiladi.

 

Shu bilan birga, “taʼlim – tadqiqot – amaliyot” zanjiri asosida fakultetlarning tashkiliy tuzilmasini yangilash va kafedralarni bosqichma-bosqich shuʼbalarga aylantirish, universitetning professorlar kengashini tashkil etish taklif etildi.

 

Taqdimotda qonunchilikdagi boʻshliqlarni bartaraf etish va tartibga solish yukini kamaytirishga alohida eʼtibor qaratildi. Bu ishlar doirasida ahamiyati va dolzarbligini yoʻqotgan 800 ga yaqin meʼyoriy hujjatni bekor qilish, 77 ta hujjatni qayta koʻrib chiqish, tadbirkorlar uchun 15 dan ziyod ortiqcha talablarni qisqartirish orqali biznes yuritish sharoitlarini yengillashtirish rejalashtirilgan. Qonunlar samaradorligini baholash orqali kollizion norma va huquqiy boʻshliqlar bartaraf etib boriladi.

 

Prezident taqdim etilgan yangilanishlarni tizimli joriy etib, muhokama qilingan sohalarda samaradorlikni, aholi va tadbirkorlar uchun qulayliklarni yanada oshirish zarurligini taʼkidladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//