Qish o‘rtasida anomal sovuq kunlar kutilmoqda

Saqlash
12:07 / 22.11.2025 118 0

“O‘zgidromet” 2025−2026-yillar qish mavsumi qanday o‘tishi haqida dastlabki ob-havo prognozini e’lon qildi.

 

Xabarga ko‘ra, dekabr oyi normaga nisbatan biroz issiqroq bo‘lishi kutilmoqda. O‘rtacha oylik harorat normaga nisbatan 1−1,5 daraja baland bo‘ladi. Birinchi o‘n kunlikda havo asosan iliq, kechasi 0…+5 daraja, — kunduzi +10…+15 daraja bo‘ladi.

 

Ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarda harorat keskin o‘zgarib turadi. Kechasi +2…+7 darajadan 0…-5 darajagacha, kunduzi +12…+17 darajadan +2…+7 darajagacha. Oylik yog‘ingarchilik miqdori — norma atrofida yoki undan kam bo‘lishi kutilmoqda.

 

Yanvar oyi umumiy holatda normaga yaqin, ayrim hududlarda biroz sovuqroq bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Birinchi va ikkinchi o‘n kunliklarda harorat katta diapazonda o‘zgarib turadi — kechasi +3…+8 darajadan −3…−8 darajagacha, kunduzi +10…+15 darajadan −2…+3 darajagacha.

 

Uchinchi o‘n kunlikda anomal sovuqlar kutilmoqda. Ko‘pchilik hududlarda kechasi −12…−17 daraja, kunduzi −5…−10 daraja, Nukus va Urganch atroflarida kechasi −20…−25 darajagacha tushishi mumkin.

 

Fevral oyi ko‘p yillik normalarga yaqin bo‘lishi kutilmoqda. Birinchi o‘n kunlikda anomal sovuqlar davom etadi. Kechasi −5…−10 daraja, kunduzi −3…+2 daraja bo‘lishi prognozlanmoqda.

 

Ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarda havo sezilarli iliydi — kechasi −2…−7 darajadan +3…+8 darajagacha, kunduzi 0…+5 darajadan +10…+15 darajagacha. Janubiy hududlarda kunduzgi harorat +15…+20 darajagacha ko‘tarilishi mumkin. Yog‘ingarchilik — me’yor doirasida bo‘ladi.

 

“Prognoz yakuniy xarakterga ega emas, ob-havo sharoitlariga muvofiq o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin”, — deyiladi xabarda

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//