Dunyoda koronavirusga chalinish koʻrsatkichlari 21 foizga kamaydi

Saqlash
18:41 / 29.04.2022 679 0

Kecha Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti yer yuzidagi epidemiologik vaziyat boʻyicha navbatdagi hisobotini eʼlon qildi.

 

Unga koʻra, oʻtgan haftada dunyoda 4,5 million nafardan ziyod kishi koronavirusga chalinib, ulardan 15 ming 134 nafari xastalik oqibatida hayotdan koʻz yumgan.

 

Bu, 11-17-aprel sanalariga qiyoslaganda, kasallanishlar soni 21 foiz, oʻlim koʻrsatkichlari esa 20 foizga kamayganini anglatadi.

 

Koronavirusni yuqtirish bilan bogʻliq sezilarli pasayish dinamikasi Sharqiy Oʻrta yer dengizi mintaqasi mamlakatlari hissasiga toʻgʻri kelgan — 30 foiz! Gʻarbiy Tinch okeani mintaqasida bu koʻrsatkich 28, Yevropada 23, Janubi-Sharqiy Osiyoda 6 foizga yetgan.

 

Afrika qitʼasi davlatlarida esa aksincha — bemorlar soni 32 foiz ortishi qayd etilgan. Janubiy va Shimoliy Amerikada esa bu koʻrsatkich 9 foizni tashkil etdi. Oʻz navbatida, oʻlim koʻrsatkichlari Afrikada 110, Janubi-Sharqiy Osiyoda 41 foiz koʻpayishi kuzatilgan.

 

18-24-aprel sanalarida koronavirus tashxisi qoʻyilgan eng koʻp bemor Germaniyada roʻyxatga olingan — 675 ming nafar. Ikkinchi oʻrinni 590 mingga yaqin koʻrsatkich bilan Koreya Respublikasi band etdi.

 

Fransiya esa uchinchi oʻrinda — mamlakatda qariyb 543 ming odam koronavirusni yuqtirgan. Toʻrtinchi oʻrinni 419 mingdan ziyod holat bilan Italiya, beshinchi pogʻonani esa 298 ming nafardan ortiq bemor bilan AQSH egalladi.

 

Dunyoda COVID-19dan oʻlim koʻrsatkichlarining katta qismi AQSHda qayd etildi — 2 ming 354 nafar. Ikkinchi oʻrinda — Rossiya. Mamlakatda hafta davomida 1,4 mingdan ziyod bemor xastalikdan vafot etdi.

 

Koreya Respublikasida esa bu koʻrsatkich ming nafardan ortiqni tashkil etdi. Shu bilan birga, Italiyada ming nafar hamda Buyuk Britaniyada 903 nafar bemor koronavirus qurboniga aylandi.

 

Shuningdek, JSST bayonotiga koʻra, soʻnggi 30 kun davomida olingan biomaterial namunalari tahlili dunyoda koronavirusning 99 foizi «omikron» va 0,1 foizi “delta” shtammi hissasiga toʻgʻri kelmoqda.

 

Bundan tashqari, tashkilot rahbari Tedros Gebreyesus jahonda kasallanishlar soni keskin kamayib borishi aksariyat mamlakatlarda COVID-19ga qarshi test sinovlari qisqartirilayotgani bilan bogʻliqligini taʼkidladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//