Jamiyat
Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda dunyoda 50 foiz erkak aynan soch to‘kilishidan aziyat chekmoqda.
Respublika ixtisoslashtirilgan dermatologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori o‘rinbosari Ilhom Rahimov soch to‘kilishining oldini olish uchun nima qilish kerakligini aytdi.
Shifokorning so‘zlariga ko‘ra, buning uchun, avvalo, sog‘lom turmush tarziga rioya qilish va to‘g‘ri ovqatlanish zarur. Sochlarning to‘kilish muammosini maxsus shampun, vitamin-mineralli komplekslar va shu kabi qo‘shimcha vositalar yordamida hal qilish ijobiy samara berishini unutmaslik zarur.
Chunki soch parvarishiga taalluqli ba’zi vositalar tarkibida foydali va parvarishlovchi komponentlar mavjud va ular sochlarga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Zarur bo‘lgan moddalar yetishmovchiligini to‘ldirib, follikulalarning oziqlanishini yaxshilaydi.
– Soch to‘kilishi har kuni va har kim bilan ro‘y beradigan jarayon bo‘lib, inson kuniga o‘rtacha 60-100 tola soch yo‘qotadi, – deydi I.Rahimov. – Boshda o‘rta hisobda 50 mingdan 150 mingtagacha soch tolasi bo‘lishi me’yor hisoblanadi. U follikuladan o‘sib chiqadi.
Soch qopchasida yangi tola paydo bo‘la boshlaganda, eskisi to‘kilib ketadi. Bu esa tabiiy jarayon hisoblanadi. O‘rtacha 2 yildan 4 yilgacha yashaydigan soch tolasi asosan kunduzi va ko‘proq bahor hamda yoz oylarida nisbatan tezroq o‘sadi.
Uning me’yoridan ortiq to‘kilishi, avvalo, nerv tizimining zo‘riqishi tufayli boshlanadi. Qolaversa, ichki sekresiya bezlari, jigar, me’da-ichak yo‘li a’zolari faoliyatining buzilishi, vitamin yetishmasligi yoki soch folikulalaridagi tug‘ma nuqsonlar ham bunga turtki bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, seboreya (yog‘ ajralishining buzilishi) natijasida sochning erta to‘kilishi ehtimoli mavjud. Tana haroratining ba’zi infeksion kasalliklar oqibatida uzoq vaqt yuqori bo‘lishi, zaxm va og‘ir operasiyalardan so‘ng ham soch tez to‘kilishi mumkin. Shu bilan birga, bosh terisiga zamburug‘ yuqqanida, sochlarimizdan ayrilishimiz hech gap emas.
Asabiylik, jismoniy charchoq va boshqalar oqibatida ko‘pincha soch uya-uya yoki dumaloq-dumaloq bo‘lib to‘kiladi. Bundan tashqari, toliqish va uyqusizlik oqibatida ham soch kamayishi kuzatiladi, deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati bergan intervyuda.
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Iqtisod
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q