Oʻzbekistonda Oʻzbek multfilm uyushmasi tashkil etiladi

Saqlash
22:08 / 18.04.2022 1110 0

Oʻzbekistonda Oʻzbek multfilm uyushmasi tashkil etiladi. Bu haqida Tashkent International Animation Forumining birinchi kunida oʻtkazilgan matbuot anjumanida aytib oʻtildi.

 

Oʻzbekistonda ilk marotaba oʻtkazilayotgan ushbu forumda Germaniya, Gruziya, Isroil, Ozarbayjon, Tojikiston, Rossiya, Ukraina, Chexiya, Qozogʻiston va Qirgʻiziston davlatlaridan animatsiya mutaxassislari, oʻzbek animatorlari va “Aqlvoy”, “Bolajon” telekanallaridan vakillar ishtirok etmoqda.

 

Milliy kinematografiyani rivojlantirish Markazi direktori Maʼruf Muxtorovga koʻra, forumda oʻzbek animatsiya sohasidagi kamchiliklar, qilinishi kerak boʻlgan ishlar yuzasidan ham xorijlik mutaxassislar bilan fikr almashiladi. Mutaxassislarning tavsiyalari, takliflarini inobatga olgan holda Oʻzbek multfilm uyushmasi tashkil etiladi.

 

Shuningdek, forum davomida xorij va oʻzbek animatorlarining ishlari namoyish etiladi. “Made in Uzbekistan/Tomorrow” dasturi doirasida Oʻzbekiston nomidan rejissyor Shokir Xoliqovning xususiy studiyada suratga olingan “Qiz va bulut” animatsion multfilmi qatnashadi.

 

Shu bilan birga, ayni vaqtgacha faqat 6 ta qismi efir yuzini koʻrgan “Avtosarguzashtlar” multserialining davomi namoyish etiladi. Multserialning rejissyori Abdulatif Haydarov forumdan katta natijalar kutayotganini maʼlum qildi.

 

“Forumda eng koʻp kutayotganim – “Avtosarguzashtlar”ning qolgan qismlarining namoyishi. Uning bolalar, tomoshabinlar tomonidan qanday kutib olinishini koʻrish. Shuningdek, ushbu animatsiyaning davomini suratga olish loyihasini ham taqdim etmoqchiman. Bundan tashqari yana 3 ta milliy multfilm yaratish loyihasini bermoqchiman”, dedi Abdulatif Haydarov.

 

Uning taʼkidlashicha, oʻzbek animatorlariga koʻproq imkoniyat berish kerak. Milliy kadrlarga mablagʻ masalasida koʻproq imkon berish oʻzbek animatsiyasini rivojlantira oladi.

 

Eslatib oʻtamiz, forum doirasida xorijlik animatsiya sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar tomonidan seminar-treninglar oʻtilib, chet eldan etalon negativlari qaytarilgan oʻzbek multfilmlari ilk bor keng jamoatchilikka namoyish etiladi.

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//