JSST rahbari: Pandemiya tugashiga hali erta!

Saqlash
19:48 / 12.04.2022 743 0

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining COVID-19 bo‘yicha favqulodda vaziyatlar qo‘mitasi yig‘ilishida aytilgan fikriga ko‘ra, dunyoda epidemiologik vaziyat qachon izga tushishi haqida hamon aniq xulosa aytish mushkul. Aksariyat mintaqalarda koronavirusni yuqtirish, qolaversa, o‘lim ko‘rsatkichlari sezilarli darajada pasayib borayotgan bir sharoitda ayrim mamlakatlarda buning aksi kuzatilyapti.

 

Ma’lum qilinishicha, o‘tgan haftada koronavirus tufayli dunyoda qayd etilgan o‘limlar soni ikki yil ichidagi eng past ko‘rsatkichga teng bo‘lgan. Ammo bu pandemiya tugashini anglatmaydi.

 

“Kasallikning yuqish sur’ati yuqori, emlash darajasi esa aksariyat mamlakatlarda juda pastligicha qolmoqda, – deydi JSST rahbari Tedros Gebreyesus. – Karantin bilan bog‘liq cheklovlarning yumshatilishi infeksiyalar keng tarqalishi va yangi shtammlar paydo bo‘lishi xavfini oshiradi. Shunday ekan, pandemiya tugashiga hali erta”.

 

Shuningdek, T. Gebreyesus pandemiyaning hozirgi bosqichida uch omil “o‘ta muhim”ligini ta’kidladi. Birinchi faktor sifatida aholining karantin bilan bog‘liq ijtimoiy cheklovlardan bezib qolgani keltirildi.

 

Ikkinchi omil – ilk bosqichda emlangan yoki xastalikni boshdan kechirganlarda hosil bo‘ladigan immunitet qancha davom etishi noma’lumligicha qolayotgani.

 

“Va nihoyat, uchinchi omil – biz virus qanday rivojlanishini bashorat qila olmaymiz”, – dedi Gebreyesus.

 

Uning eslatishicha, yuqori daromadli mamlakatlar fuqarolari allaqachon to‘rtinchi dozada emlana boshlagan. Ammo dunyo aholisining uchdan bir qismi hali vaksinaning birinchi dozasini ham olmagan. Afrikada yashovchilarning esa 83 foizi umuman emlanmagan.

 

JSST rahbarining asosiy tashvishi dunyo bo‘ylab emlanmagan tibbiyot xodimlari va boshqa xavf guruhiga mansub aholi qatlami ko‘pligidir, deya yozadi Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//