Fargʻona vodiysidagi uch viloyatning oʻrtasida yangi xalqaro aeroport qurilishi taklif etildi

Saqlash
14:19 / 12.04.2022 1059 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev 11-aprel kuni transport va kommunal sohalardagi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.

 

Mamlakatimiz rivojlangani sari fuqarolar harakatchanligi, xalqaro aloqalar koʻlami ham oshib bormoqda. Bu talabga mos ravishda avtomobil, temir yoʻl va havo transporti imkoniyatlari kengaytirilmoqda.

 

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi qaroriga muvofiq, “Uzbekistan Airways” va “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyatlari transformatsiya qilinmoqda.

 

2021-yil yakunlari boʻyicha yurtimiz aeroportlari orqali 5 million 400 ming yoʻlovchi va 82 ming tonna yuk tashilgan, xorijiy aviakompaniyalarga xizmat koʻrsatish hajmi oshgan. Xarajatlarni maqbullashtirish boʻyicha koʻrilgan choralar natijasida barcha aeroportlarning moliyaviy koʻrsatkichlari yaxshilangan.

 

Shu bilan birga, Samarqand xalqaro aeroporti yangidan qurilib, ishga tushirildi. Toshkent xalqaro aeroportining 2-terminali rekonstruksiya qilinib, oʻtkazish quvvati 2 barobar oshirildi. Qarshi aeroportining uchish zali yangilandi.

 

Bu ishlarni izchil davom ettirish maqsadida mamlakatimiz aeroportlarini 2035-yilga qadar rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqilgan.

 

Taqdimotda ushbu strategiyani 2026-yilgacha amalga oshirish dasturi muhokama qilindi.

 

Bunda aeroportlarni ixtisoslashtirish, jumladan, Toshkent aeroportini xalqaro xab, Navoiy aeroportini yuk tashish xabi, Samarqand va Buxoro aeroportlarini turizm xablariga aylantirish koʻzda tutilgan.

 

Toshkent xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish orqali yoʻlovchilarni oʻtkazish quvvatini soatiga 2 ming 400 nafarga oshirish, roʻyxatdan oʻtish, pasport nazorati va samolyotga chiqish yoʻlaklarini koʻpaytirish rejalashtirilgan.

 

Davlatimiz rahbari aeroport xodimlarining dunyoqarashi va malakasini oshirish, yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish vaqtini qisqartirish zarurligini taʼkidladi.

 

Maʼlumki, Fargʻona vodiysidagi uchta – Andijon, Namangan va Fargʻona aeroportlari shaharlar ichida joylashgani va atrofi bino-inshootlar bilan zich oʻralgani sababli ularni kengaytirish imkoniyati cheklangan. Shu bois uchta viloyatning oʻrtasida yangi xalqaro aeroport qurish taklif etilmoqda.

 

“Toshkent-Sharqiy” aeroportining bosh rejasi ham muhokama qilindi. Buxoro va Urganch aeroportlarida yangi yoʻlovchi terminallari qurish, shuningdek, hududlararo loukoster aviakompaniyasi faoliyatini yoʻlga qoʻyish loyihalari haqida maʼlumot berildi.

 

Prezidentimiz aeroportlarda xizmatlarni koʻpaytirish va sifatini yaxshilash, narxlarning ommabopligini taʼminlash boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

 

Taqdimotda issiqlik taʼminoti tizimini yangilash va qamrovini oshirishga oid rejalar ham koʻrib chiqildi.

 

Oxirgi toʻrt yilda hududlarda 47 ta qozonxona qurilib, qariyb 80 kilometr tarmoq yotqizilgani qayd etildi.

 

2022-2026-yillarda yana 172 ta qozonxona va 482 kilometr tarmoqni yangidan qurish, 109 ta qozonxona va 543 kilometr tarmoqni modernizatsiya qilish koʻzda tutilgan. Bularning natijasida markazlashgan issiqlik taʼminoti bilan qamrab olish darajasi hozirgi 52 foizdan 66 foizga yetadi.

 

Ayrim qozonxonalarda kogeneratsion gaz turbinasini oʻrnatish orqali elektr energiyasi ham ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.

 

Davlatimiz rahbari issiqlik hosil qilish va undan foydalanish tizimini raqamlashtirish, sohada davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish, issiqlik taʼminoti korxonalarini moliyaviy sogʻlomlashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//